Hukumat qarori (327-son, 10.06.2022 y.) bilan Uzum ko‘chatlarini shpalerga (yog‘och va boshqa sinuvchan ustunlardan tashqari) ko‘tarish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga asosan, subsidiya:
- xo‘raki va kishmishbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga – Bog‘dorchilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan;
- sanoatbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga – Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.
Subsidiya barpo qilingan tokzorlarda uzum ko‘chatlarini ko‘tarish maqsadida shpalerni o‘rnatish (qurish) ishlari yakunlangandan so‘ng faqat bir marotaba, bir dona shpaler uchun 15 ming so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorini qoplash uchun ajratiladi.
Talabgor subsidiya olish uchun shpalerni o‘rnatish (qurish) ishlari yakunlangandan so‘ng xulosa olish uchun tuman ishchi guruhiga arizani yozma yoki elektron shaklda yuboradi.
O‘rganish natijasi yuzasidan 1 kunda ijobiy yoki salbiy xulosa beriladi.
Tegishli Agentliklar tumanlar qishloq xo‘jaligi bo‘limlari bilan birgalikda 5 yil mobaynida shartnomada ko‘rsatilgan parametrlarning bajarilishi yuzasidan monitoring olib boradi.
Jamoatchilik nazorati sub’yektlari tomonidan subsidiya predmetidan maqsadli foydalanilmayotgan yoki yaroqsiz holdaligi aniqlansa, bunday holatlar videotexnika vositalari orqali yozib olinib, 2 kun muddatda tuman ishchi guruhiga taqdim qilinishi mumkin.
Xabar o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda tegishli Agentlik tomonidan rag‘batlantiriladi. Rag‘batlantirish talabgordan undirilgan subsidiyaning 5 foizi miqdorida amalga oshiriladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan Vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi (har bir vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi, biroq 300 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdori) qoplab beriladi.