Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 1 yanvardan professional ta’limdagi pedagog va ustalar oyligi oshirilishi, ustamalar qo‘shilishini aytib o‘tgandi.
«Ochiq aytish kerak, 2 million so‘m oylik olayotgan texnikum yoki kasb-hunar maktabi muallimlaridan kamida 5 million so‘m ish haqi oladigan mutaxassislar tayyorlab berishni talab qilyapmiz», deya ta’kidlagandi prezident.
Shu bois, kelgusi yil 1 yanvardan:
professional ta’limdagi pedagog va ustalar oyligi o‘rta maktab o‘qituvchilariga tenglashtiriladi;
o‘qituvchilar malaka toifasi uchun to‘lanadigan ustama o‘rtasidagi farq 2 barobarga oshiriladi;
erishgan natijasiga qarab, fidoyi va tashabbuskor pedagog kadrlarning oyligiga 50 foizgacha ustama to‘lash joriy etiladi.
Buning uchun keyingi yil byudjetidan qo‘shimcha 150 milliard so‘m ajratiladi. Shu bilan birga, professional ta’lim muassasalari pedagoglari malakasini oshirishda yangi tizim yaratiladi.
Universitetlar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari o‘rniga har bir viloyatda Professional tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.