Bugun, 15 iyun kuni soat 17:55 da Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi «Ammafos-Maksam» korxonasi hududida ijarada faoliyat yuritayotgan «MAXAM-UZBEKISTON» qo‘shma korxonasining Reaxit ishlab chiqarish syexida texnologik jarayonni buzilishi natijasida portlash sodir bo‘lgan. Bu haqda FVV xabar bermoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida ushbu syexning bino konstruksiyalari buzilgan. Shuningdek, voqea joyiga yaqin bo‘lgan yuk mashinasi haydovchisi tan jarohati olgan. Ayni vaqtda jabrlangan fuqaro shahar tibbiyot birlashmasida, shifokorlar nazoratida, ahvoli qoniqarli.
«Sodir bo‘lgan vaziyat oqibatida ishchi-xodimlarning halok bo‘lish holatlari qayd etilmadi», deyiladi xabarda.
Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri boshchiligida viloyat hokimligi, prokuratura, IIV, Milliy Gvardiya va boshqa tashkilotlar vakillari yetib borgan. Hozirda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.