Do‘rmon ijod uyida dam oluvchilar uchun to‘lov narxlarining oshirilgani haqidagi xabarga rasmiy munosabat bildirildi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
“2022 yil 15 iyun kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yosh ijodkor Iftixor Xonxo‘jayev feysbukdagi sahifasida Do‘rmon ijod uyida dam oluvchilar uchun to‘lov narxlarining oshirilgani kabi bir qancha masalalar yuzasidan noroziligi haqida post e’lon qildi.
Dam oluvchilar uchun to‘lov narxlari 2022 yil 10 iyundan boshlab oshirilgani rost. Bir necha yildan beri Yozuvchilar uyushmasi a’zolariga oddiy xonalar uchun bir sutkalik to‘lov 30 000 so‘m (uch mahal ovqatlanish, zarur hollarda tibbiy xizmatdan foydalanish bilan birga) bo‘lgan bo‘lsa, narx-navo oshirilishi munosabati bilan to‘lov 58 000 so‘m etib belgilandi. Bundan tashqari, ijodkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida imtiyozli muddat yil davomida 24 kundan 48 kunga uzaytirilgani, shuningdek, ularning oila a’zosiga ham mazkur imtiyozdan foydalanish imkoniyati kiritildi.
Muallif Do‘rmon ijod uyi tarkibidagi kottejlarning bir oylik ijara puli 920 ming so‘mdan 1 mln. 840 ming so‘mga oshirilganini yozibdi. Ammo bu to‘g‘ri ma’lumot emas. Ijodkorlar oilasi bilan yashashi mumkin bo‘lgan 15 sotixli joy, bir yo ikki qavatli binodan iborat kottejlarning oylik ijara narxi shu paytga qadar 1 million 221 ming so‘m bo‘lgan. Hozir esa 1 million 840 ming so‘m etib belgilandi.
Kottejlar aslida faqat uyushma a’zolariga bir yil muddatga shartnoma asosida beriladi. Lekin bugungi kunda u yerda yashovchilar muddati tugashi bilan o‘z xohishlariga ko‘ra kottejlarni bo‘shatib bermayotgani navbatda turganlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lyapti. Shuning uchun kottejlarda bir yildan ortiq yashaganlarga imtiyozli davr bekor qilinib, tijorat narxlariga o‘tkaziladi. O‘ylaymizki, bu tartib kelajakda boshqa ijodkorlarga ham dam olish imkonini beradi.
Do‘rmon ijod uyi birinchi navbatda uyushma a’zolarini qabul qiladi. Bo‘sh turgan xonalardan unumli foydalanish maqsadida uyushma a’ozosi bo‘lmagan mijozlarni tijorat narxlarida qabul qilishi ham mumkin. Maqsad ijod uyining iqtisodiy samaradorligini oshirish, faqat uyushma mablag‘iga qarab qolmasdan qo‘shimcha daromad topib, o‘zini o‘zi qoplashdan iborat. Bu mablag‘lar hisobidan bugungi kunda ijod uyi obodonlashtirilyapti, xonalar bosqichma bosqich ta’mirlanmoqda va eskirgan jihozlar, kommunikasiya tizimi yangilanyapti.
Muallif: “Oddiy ishchi hodimlarining aytishicha yaqin oylarda hududda futbol stadionlari qurulib Lokomativ futbol jamoasiga ijaraga berilishi ko‘zda tutilgan. Bundan kelib chiqadiki, endi har kuni kamida qirq chog‘lik erkak ishtonchan holda ijod uyi hududida yugurib yuradilar”, degan yolg‘on ma’lumot tarqatyapti. To‘g‘ri, ijod uyi hududida stadion qurilishi rejalashtirilgan. Kelajakda stadion qurilsa ham ijod uyida dam olayotganlar, shuningdek, uyushma a’zolari, jamoasi, uning muassisligidagi tashkilotlar xodimlari orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ko‘zda tutilgan.
Yana bir jihat, muallif yozganiday, Do‘rmon ijod uyi hududida 500 tup olma va gilos daraxti mavjud emas va tabiiyki, tonnalab gilos olinib, chet elga eksport qilinmagan. Bu yilgi olingan hosil ijod uyi oshxonasiga kirim qilinib, dam oluvchilarning dasturxoniga tortilgan, xolos.
O‘rni kelganda aytib qo‘yishni joiz bildik. 2022 yil boshidan shu kunga qadar Yozuvchilar uyushmasi “Adabiyot” nashriyotida uyushma mablag‘i hisobidan marhum adiblar, uyushma a’zolari va yosh ijodkorlarning 99 nomdagi kitobi 289 000 nusxada chop etildi. Ular maktab va boshqa muassasalar, tashkilot va idoralar kutubxonalariga sovg‘a qilinyapti. 2022 yilning olti oyi davomida Yozuvchilar uyushmasi uyushmaning moddiy yordamga muhtoj 82 nafar keksa a’zosiga 114 988 000 so‘m, uyushmaning 47 nafar olamdan o‘tgan a’zosining oilasiga 50 106 000 so‘m moddiy yordam ko‘rsatdi.
Xulosa shuki, yosh muallif aytmoqchi Do‘rmon ijod uyini saqlash barcha ijodkorlarning vazifasi.
Buni avval o‘zimidan boshlashimiz, chiroyli asarlar bilan adabiyotimizda munosib o‘rin qoldirishimiz eng muhimidir. Demak, havotirga o‘rin yo‘q. Do‘rmon ijod uyi barcha qalam ahlini o‘z bag‘riga chorlamoqda, deyiladi xabarda.
Shoira Abdurashidova tayyorladi,
O’zDJTU talabasi