Ko‘tarilmagan «tinchlik kabutarlari» yoki Toqayevning «tikka» gapi

Fransiya, Germaniya, Italiya va Ruminiya davlat rahbarlari Makron, Shols, Drage va Ioxannislarning Kiyevga tashrifi doirasida Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan jahonda oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan uchrashuv chog‘ida aytilgan gap-so‘zlar Rossiya kutgan natijani bermadi. Ukrainaning bosib olingan yigirma foizga yaqin hududlarini Rossiyaga berish evaziga Fransiya, Germaniya va Italiyaning «tinchlik kabutarlari» bo‘lish imkoniyati boy berildi.

Ukraina prezidentining bir qarich yerimizni ham bermaymiz degan bayonoti, Ukraina xalqining qat’iy irodasi, jang maydonlarida jon olib — jon berayotgan Ukrain vatanparvarlarining jasorat va matonati bu masalani kun tartibiga kiritishga uzil-kesil nuqta qo‘ydi. Oxir-oqibat tashrif ishtirokchilari Ukrainani Rossiya bosqinidan himoyalashda birdam ekanliklarini, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar. Darvoqe, bu Rossiya hukumati uchun nechog‘lik og‘riqli va alamli bo‘lganini Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning so‘zlaridagi norozilikdan, uning xo‘mraygan basharasidan ham bilsa bo‘ladi.

Shu kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mard To‘qayev Peterburgda o‘tkazilayotgan xalqaro iqtisodiy forum munosabati bilan Rossiyalik jurnalistga bergan intervyusida Qozog‘iston Rossiya bilan iqtisodiy va boshqa munosabatlarda sanksiyalarni cheklab o‘tolmasligini, Rossiyaga yon bosolmasligini, bunday holat Qozog‘istonga nisbatan g‘arb sanksiyalari qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytdi. Rossiya matbuoti esa buni kollektiv xavfsizlik tashkiloti manfaatlariga xiyonat deb baholamoqda.

Xuddi shu kuni Buyuk Britaniya sanksiyaga nomlari kiritilgan Rossiyaliklar safiga Patriarx Kirillni ham qo‘shib qo‘ydi.

Iqtisodiy sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga sadoqatini yashirin namoyon etayotgan ayrim davlatlar esa Ukraina masalasida u yoki bu tarzda fikr yuritishdan ko‘ra hamon sukut saqlashni afzal ko‘rmoqda.

Umid SORIYEV,
mustaqil jurnalist