Avalroq Andijonda 2 nafar voyaga yetmagan bola qotillik alomatlari bilan topilganligi haqida xabar bergan edik. Qotillik bo‘yicha Bosh prokuratura qo‘shimcha axborot taqdim etdi.
«Jinoyatni fosh qilishga qaratilgan tezkor-tergov tadbirlar natijasida mazkur jinoyat 1995 yilda tug‘ilgan, Izboskan tumanida yashovchi ayol tomonidan sodir etilganligi aniqlandi.
Aniqlanishicha, ushbu ayolning nomida bo‘lgan uyda 2022 yil aprel oyidan buyon qarindoshi (xolavachchasi), 2 nafar voyaga yetmagan farzandi (o‘g‘li 10 yosh, qizi 7 yosh) va buvisi bilan yashab kelishgan.
Ayol ko‘rsatuvida, xolavachchasi sabab oilasi buzilib ketganligi uchun yuklarini o‘z uyiga olib kelmoqchi bo‘lganida, xolavachchasi bunga qarshilik qilganligi, unga uyni bo‘shatib qo‘yish haqida qo‘ygan talabini ham rad qilib kelayotganligini bildirgan.
Shunda ayol xolavachchasidan qasd olish maqsadida uni uyda yo‘qligidan foydalanib hamda buvisi ko‘z ko‘rish va qulog‘i eshitish qobiliyati pastligini bilgan holda 16 iyun kuni uyga kelib, xolavachchasining 2 nafar farzandini qasddan o‘ldirib, jasadlarini uyni ayvon qismidagi polni tagidagi yerto‘laga yashirgan.
Hozirda gumonlanuvchi ayol prosessual tartibda ushlangan, deyiladi prokuratura xabarida.