Toshkent aeroportini ko‘chirish masalasi muhokama qilinyapti

Prezident va Vazirlar Mahkamasi Toshkent aeroportini shahar tashqarisiga ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva ma’lum qilgan.

Uning fikricha, yangi uchish-qo‘nish yo‘laklarini qurishning imkoni yo‘qligi sababli havo bandargohining hozirgi quvvatlari uzog‘i bilan 2027 yilgacha yetadi.

«Hozirda Toshkentga yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish uchun barcha ishni qilyapmiz. Shu bois, joriy yil oxirigacha soatiga 2400 yo‘lovchiga mo‘ljallangan terminalni tez qurishga majburmiz. Yagona fasadli, kelish va ketishlar bir joyda bo‘lgan, shuning uchun biz keyteringni boshqa joyga o‘tkazamiz. Albatta, bularning barchasi bizga uzog‘i bilan 2027 yilgacha yetarli bo‘ladi», degan u.

Uning fikricha, aeroportning asosiy «tor bo‘g‘zi» — uchish-qo‘nish yo‘laklari. Ayni paytda aeroportda soatiga 6-7 tagacha samolyotlar qo‘nmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2025-2027 yillarda soatiga 13 ta havo kemasi bo‘ladi va yo‘laklar qabulni ta’minlay olmay qoladi.

«U yerda ikkita yo‘lak bor, lekin deyarli bitta. Ular yaqin joylashgan, shuning uchun bir vaqtda foydalanib bo‘lmaydi. Shuning uchun asosiy cheklov va «tor bo‘g‘iz» — uchish-qo‘nish operasiyalari. Yana bitta yo‘lakni qurish uchun yer uchastkasini topish imkonsiz, chunki shahar bor», deya izoh bergan u.

Ra’no Jo‘rayeva 2035 yilgacha mamlakat aeroportlarini rivojlantirish strategiyasida shahardan 30 km uzoqlikda yangi Toshkent aeroportini qurish va uni xalqaro xab sifatida rivojlantirishni taklif qilgan edi. Hozir bu taklif davlat rahbari va Vazirlar Mahkamasi tomonidan muhokama qilinayotgani aytilgan.