Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida fuqarolar o‘rtasida janjal bo‘lgani, bir qancha fuqarolar ikki kishini toshbo‘ron qilib, ayovsiz kaltaklagan holati aks etgan video tarqaldi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan Farg‘ona viloyati IIB rasmiy ma’lumot berib, go‘yoki aholining «joniga oro» kirdi.
Rasmiy munosabatda aytilishicha, joriy yilning 13 may kuni Farg‘ona shahar A.Jomiy ko‘chasida joylashgan 16-sonli ko‘p qavatli uyda yashovchi qo‘shnilar o‘rtasida, xonadonlarning birida it boqish bilan bog‘liq maishiy muammolar oqibatida janjal kelib chiqqan.
Natijada, bir nechta qo‘shnilar bir-birlarini haqoratlab, tan jarohatlari yetkazib, xonadon oynalarini sindirishgan, odamlarni itga talatgan.
Hozirda jamoat tartibini buzishda qatnashgan barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlangan bo‘lib, holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi IIB axborot xizmati bergan rasmiy axborotda.
Ana xolos! Voqea sodir bo‘lgani aytilgan sanaga e’tibor qilyapsizmi: 13 may! Nima, toshbo‘ron qilinib, fuqaro itga talatilgan voqea ommaga oshkor bo‘gachgina ommaga bu haqida ma’lumot berildimi?
Viloyat IIBning rasmiy munosabatidan shuni anglash mumkinki, voqea sodir bo‘lganiga bir oydan ko‘proq vaqt bo‘lganiga qaramasdan IIB axborot xizmati bu haqida ommaga ma’lumot bermagan. Ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalishi ortidan endi ular ma’lumot berishga majbur bo‘lishdi. Shuning bilan aholiga quyidagilar ma’lum qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha joriy yilning 13 may kuni Farg‘ona shahar A.Jomiy ko‘chasi 16 uy 27-xonadonda yashovchi fuqaro M.A Farg‘ona viloyati IIB 102 qisqa raqamiga murojaat qilib, unga tanish bo‘lgan F. va U. ismli fuqarolar uni urganligini aytib, qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Tergovga qadar tekshirish davomida fuqaro M.A o‘zning “Alabay” itini ushbu ko‘p qavatli uyning birinchi qavati orqa tarafiga boylab qo‘yganligi sababli, Farg‘ona shahar Ozodlik ko‘chasi 27-uyda yashovchi, fuqaro S.S unga e’tiroz bildirilganligi uchun o‘rtada nizo kelib, janjalga aylangan va fuqaro S.S fuqaro M.Ani so‘kib, urib tan jarohati yetkazgan.
Ushbu ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolar M.A va S.S ning o‘rtasidagi janjalni tinchlantirishga harakat qilishgan.
Mazkur holat yuzasidan M.A ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 41 moddalari bilan, fuqaro I.Rga nisbatan ushbu kodeksning 41-modda va 183-moddalari bilan, fuqaro S.Sga 41-moddasi va 52-moddasi 2-qismi hamda 183-moddasi bilan, fuqaro F.S ga nisbatan esa 183-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirib, 24.05.2022 yil kuni JIB Farg‘ona shahar Sudiga yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan JIB Farg‘ona shahar sudi tomonidan fuqaro M.A murojaatiga asosan hujjatlar o‘rganib chiqishlik uchun Farg‘ona shahar prokuraturasiga yuborilgan.