Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “U.T.” MCHJ rahbari N.X. hududdagi tijorat bankidan aholiga transport xizmati ko‘rsatish faoliyatini tashkil etish uchun imtiyozli shartlar asosida ajratilgan 960 mln so‘m kredit evaziga xarid qilingan 12 dona “Damas” rusumli avtotransport vositalarini sotib yuborib, kredit mablag‘ini talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Shu kabi, Parkent tumanidagi “G.P.” oilaviy korxona rahbari I.T. bankning tuman filialidan imtiyozli shartlar asosida ajratilgan 220 mln so‘m kredit mablag‘i hisobiga xarid qilingan 16 bosh yirik shohli chorva mollarni sotib yuborib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan “R.” fermer xo‘jaligining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Asakabank”ning viloyat filiali sobiq bo‘lim boshlig‘i B.S. va “F.F.” fermer xo‘jaligi rahbari N.T. bilan o‘zaro til biriktirib, “R.” fermer xo‘jaligi rahbarining ishonchiga kirishib, uning nomiga soxta hujjatlar asosida 200 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, ushbu kredit mablag‘ini naqdlashtirib olib talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.