Texasning San-Antonio shahrida tashlandiq yuk mashinasidan 46 nafar muhojirning jasadi topildi, deb xabar bermoqda CNN. Ushbu yuk mashinasida bo‘lgan 16 kishi qutqarib olindi.
San-Antonio polisiyasi boshlig‘i Bill Makmanusning aytishicha, 27 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 atrofida yuk mashinasidagi qichqiriqni eshitgan shaxs tez yordam chaqirgan. U yuk mashinasining eshiklarini ochadi va o‘nlab qurbonlarni ko‘radi.
Yuk mashinasida 16 kishi omon qolgan — 12 nafar katta va to‘rt bola. Ular mahalliy shifoxonalarga yetkazilgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, tirik qolganlarda suvsizlanish va issiq urish alomatlari bo‘lgan. 27 iyun kuni San-Antonioda havo 35 darajadan oshgan, yuk mashinasida suv yoki kondisioner bo‘lmagan.
Ish tergovi doirasida uch kishi hibsga olindi. Biroq, ularning voqeaga qanday aloqasi borligi hozircha aniq emas, deb yozadi CNN.
San-Antonio meri Ron Nayrenberg voqeani «dahshatli fojia» deb atagan.