Farmasevtika ta’lim va tadqiqot instituti farmasevt va farmakolog olimlari hamkorligida tabiiy va mineral manbalar asosida biotexnologik va kimyoviy sintez usuli bilan ko‘p komponentli «Antikovir» preparati yaratildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, klinikagacha va klinik tekshiruvlarda preparatni koronavirus infeksiyasini hujayralar ichiga kirishining oldini olish, virusga qarshi samarali ta’sir ko‘rsatishi va gumoral immunitetni oshirishi aniqlandi.
Preparat komponentlari antikoagulyant, antioksidant, sitoprotektor va immun tizimini stimullovchi hamda bakteriyalar va viruslarga qarshi faollikni ta’minlaydi. Klinik tekshiruvlarda preparatni nojo‘ya ta’sirlari kuzatilmadi, 92% bemorlarda yuqori samarali ta’siri aniqlandi. Preparatning tovar belgisi Intellektual mulk agentligi tomonidan 2020 yil 13 noyabrda ro‘yxatga olingan edi. Joriy yil 14 fevralda esa Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan viruslar, jumladan COVID-19 virusi bilan chaqirilgan koronavirus infeksiyasi, postkovid sindromini davolash va profilaktika qilish vositasi sifatida ro‘yxatga olindi.
«Antikovir» preparatiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan №IAP 06876 raqamli patent berildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ixtirolar reyestrida 7 aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, deb xabar beradi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.