Energetika vazirligi: O‘zbekistonda eng yirik neft va bitum koni topildi

Navoiy viloyatining Zarafshon tubsizligida O‘zbekistondagi eng yirik o‘ta yopishqoq neft va bitum koni topildi. Mazkur konga “Yangi O‘zbekiston” nomi berildi. Bu haqda Energetika vazirligi 29 iyun kuni ma’lum qildi.

“Bitumli neft qazib olishning maksimal yillik darajasi 2025 yilga borib 1 million tonnani tashkil etadi. Bitumli neft qazib olish darajasini ta’minlash uchun yiliga 1500 ta quduq qazish rejalashtirilgan. Keyingi 12 yilda konni o‘zlashtirishga 2,5 milliard AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritilishi taxmin qilinmoqda”,-deyiladi vazirlik bayonotida.

Vazirlikning bildirishicha, mazkur loyihani amalga oshirish Samarqand va Navoiy viloyatlari chegarasida 15 maydan boshlangan. Burg‘ilash ishlari jarayonida “alb”, “senoman” va “turon” davrlariga oid shag‘altosh va qumtosh qatlamlari topilgan. Ularning barchasi neft, qo‘shimcha yopishqoq moy va bitum bilan to‘yingan bo‘lib chiqdi.

Vazirlik mazkur loyihaga Kanadaning McDANIEL va GenOil, AQSHning BYIS Manufacturing va O‘NEILL Industries, Rossiyaning Energy and Engineering va Veraton I.T.C., shirkatlari jalb qilinganini iddao qilmoqda.

“Hozirda mahsuldor qalinliklarni aniqlash va bitum va neft konlarini aniqlash bo‘yicha qidiruv ishlari, shuningdek, qazib olish usulini aniqlash bo‘yicha tajriba-sinov ishlari olib borilmoqda”,-deyiladi bayonotda.