30 yil orolda yashagan Yaponiyalik «Maugli» yana qadrdon maskaniga qaytdi

Oilasi va yaqinlarini tashlab 30 yil mobaynida Yaponiyaning Sotobanari nomli orolida yashagan 86 yoshli Masafumi Nagasaki, Yapon hukumatining majburlashi bilan 2018 yildan boshlab shaharda yashay boshladi. Shahar hayotiga ko‘nikolmagan Masafumi, hukumatning ruxsati bilan yana qadrdon oroliga qaytdi. Orolga qaytganida keksa Masafumining birinchi qilgan ishi ustidagi liboslarini yechish bo‘lgan.

Shahar hayotiga hecham moslashib ketolmagan hamda doim o‘zini baxtsiz his qilgan Masafumining orolga qaytishida Ispaniyalik tadqiqotchi Alvaro Cherezo jonbozlik ko‘rsatdi.

Uzoq davom etgan bahs-munozaralardan keyin hukumat qariyaning orolga qaytishiga izn berdi. Masafumi yana o‘z maskanida yashay boshladi.

Mahalliy hokimiyat keksa Masafumini shifokorlar bilan nazoratdan o‘tkazishganini va orolda, yolg‘iz holatda hayotdan ko‘z yumishidan qo‘rqishganini ta’kidlagan. Tadqiqotchi Cherezoning aytishicha, qariyaga orolda yashashiga ruxsat berishganini xabar qilganida sevinchdan ko‘zyoshlarini tuta olmagan. Tadqiqotchi Cherezo Masafumini orolgacha kuzatib qo‘ygan va maskaniga qaytishi munosabati bilan uni chin dildan tabriklagan.

Eslatib o‘tamiz:

2020 yilda Rossiya o‘rmonlaridan birida otasi bilan yashayotgan taxminan 8 yoshda bo‘lgan Maugli laqabli bola topilgan edi.

Joriy yilda aniqlangan olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, yer yuzida bugungi hayot bilan hamnafas turmush kechirmayotgan kamida 100 ta qabila bor. Bu odamlar Janubiy Amerika changalzorlari, Hind va Tinch okeani orollarida ibtidoiy hayot kechirishadi, sivilizasiya bilan aloqada emas.
Ana shunday qabilalardan biri 2008 yilda Amazonka o‘rmonlarida aniqlangan. Xuddi o‘sha yerda Braziliyada tashqi dunyodan bexabar mahalliy qabila topilgan. Yaqinda esa braziliyalik tadqiqotchilar keyinchalik «Yerdagi eng yolg‘iz odam» deb atalgan erkakni aniqlashdi. Uning barcha qabila a’zolari olishuvda o‘ldirilgan, u changalzorda yolg‘iz 22 yil yashagan.

Dilbar Rajabova tayyorladi