Dunyo bo‘yicha insoniyatning yarmidan ko‘pi shaharlarda yashashadi. Endilikda odamlar gavjum joyda sayr qilishga majburmiz.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti har 10 kishidan 9 tasining tahlikali ravishda changli havodan nafas olishini aniqlagan. Havodagi chang yiliga 7 million kishining o‘limiga sabab bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi.
Tadqiqotlarning hayratlanarli natijasi
London maktabining iqtisodiyot sohasi tadqiqotchisi Safi Ros 2011 yilda havodagi chang ta’sirini o‘rgandi. U imtihon topshiruvchi talabalar bilan sinov o‘tkazdi: unga ko‘ra talabalar bir joyda, bir xil ta’lim tizimida o‘qiydiganlar sifatida imtihonga kirdilar.
Faqat kunlarda farq bor edi. Imtihondan oldin Ros havodagi changni o‘lchab ko‘rgandi. Natijalar hayratlanarli bo‘ldi. Havoda eng ko‘p chang bo‘lgan kuni imtihon topshirgan talabalarga qaraganda havo toza bo‘lgan kuni imtihon topshirgan talabalarda natijalar yaxshi chiqqan edi. 2016 yilda Ros havodagi chang inson qobiliyatiga qay darajada ta’sir qilishini o‘rgandi.
Olimning ma’lum qilishicha:
– ifloslangan havo aqlni susaytiradi;
– havodagi chang hali tug‘ilmagan chaqaloqlar o‘sishiga salbiy ta’sir qiladi;
– uyingiz sizni zaharlayotgan bo‘lishi mumkin.
«Changli bulut qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda xavf yanada kuchayadi. Shamol ta’sirida suzib yurgan changli bulutlar qaysi manzilga yetib borsa, o‘sha yerda hayot uchun xavf ortishini aniqladik», – deydi Safi Ros. Oz miqdordagi chang ham salbiy natijasini namoyon qilar ekan.
AQSHning Massachusets texnologiya instituti tadqiqotchisi Jekson Lu boshchiligida olib borilgan tadqiqotlarda esa havodagi chang qotillik, tajovuz, o‘g‘rilik kabi jinoyatlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazishi aniqlandi. 682 tadan ziyod yosh o‘smirlar orasida maktabdan qochish, o‘g‘rilik, zararli odatlarga berilish kabi salbiy oqibatlar borasida olib borilgan izlanishlar ham yuqoridagi xulosalarni tasdiqladi.
Janubiy Kaliforniya universitetidan Diana Younan va uning jamoasi soch tolasining qalinligidan 30 baravar kichik bo‘lgan chang zarralari bilan 12 yil davomida birga qolishning ta’sirini o‘rganib chiqdi. Ularning xulosasiga ko‘ra ham chang miqdori ko‘p bo‘lgan joylarda zararli odatlarning ko‘p uchrashi kuzatildi.
Miya yallig‘lanishi
Ba’zi chang zarralariga asir bo‘lish miya yallig‘lanishiga sabab bo‘lishi mumkin ekan. Havo changining inson xulqiga qanday ta’sir qilishi borasida ham ma’lum xulosalar mavjud. Xususan, Lu, chang so‘zining o‘zi ham inson ruhiyatiga salbiy ta’sir qiladi, deydi.
Tadqiqotchi Luning aytishicha, amerikalik va hindistonlik ko‘ngillilarni changli havoda qoldirishmadi, faqat ularga changda qolgan shaharning suratini berishdi hamda o‘zlarini o‘sha shahardagidek tasavvur qilishlarini so‘radi. Buning natijasida esa ishtirokchilar tushkun kayfiyatga tushgani, asabiy holatni boshdan kechirganliklari aniqlandi. Bu dastlabki tahlillar natijasi xolos.
Changli havo miyaga fiziologik jihatdan ham ta’sir qilishi mumkin. Luning so‘zlariga ko‘ra, changli havodan nafas olganingizda tanadagi kislorodga ham ta’sir qiladi, bu esa miyaga kam miqdorda kislorod yetkazishiga sabab bo‘lishi mumkin. Changli havo burun va tomoq yo‘llariga ham zarar yetkazishi bilan birga bosh og‘rig‘ini ham paydo qiladi.
Younanning aytishicha, havoni ifloslantirgan moddalar miyaning peshona qismiga zarar yetkazadi. Bu qism esa qaror qabul qilish, o‘zini nazorat qilish kabilarda muhim o‘rin tutadi. 2019 yil mart oyida olib borilgan tadqiqotlar o‘smir yoshda chang havodan ko‘p nafas olgan yoshlarning turli ovozlarni eshitgandek bo‘lishi, ruhiy nosog‘lom bo‘lish ehtimoli yuqoriligini ko‘rsatdi.
Olimlar ushbu xulosalarga tayanib, havoda chang miqdori ko‘p bo‘lgan kunlarda imkoni boricha ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilishadi. Bu esa tanamiz, miyamiz va boshqa hatti-harakatlarimizning foydasiga xizmat qilishi shubhasiz.
Dilbar RAJABOVA tayyorladi