Twitter dunyoning eng boy odamini sudga berdi

Britaniyaning mashhur «Reuters» axborot agentligining xabar berishicha, Twitter kompaniyasi Ilon Maskni tarmoqni sotib olishni rad etgani uchun sudga bermoqchi. Shu sababli kompaniya tadbirkorni kelishuvni uzil-kesil yopishga majburlamoqda.

Twitter rahbariyati sudda Ilon Maskdan shaxsiy manfaatlar tufayli o‘z oldidagi majburiyatlaridan voz kechmaslikni va Twitter ijtimoiy tarmog‘ini 44 milliard dollarga sotib olish bo‘yicha qilingan kelishuvni yakuniga yetkazib qo‘yishini talab qilgan.

  • Mask o‘z fikrini o‘zgartirishi, kompaniyani barbod qilishi, uning faoliyatini buzishi, aksiyadorlar qiymatini yo‘q qilishi mumkinligiga ishonmoqda,- deydi sudda Maskka qarshi sud da’vosini aytgan mutaxassis. Ilon Mask tarmoqni sotib olishdan bosh tortishini platformadan soxta akkauntlar va spam botlarga oid ma’lumotlarni ololmagani bilan izohladi.

Twitter jamoasi esa uning bu gaplariga qo‘shilmaydi va milliarderning bu xatti-harakatini «ikkiyuzlamachilik» deb atadi. Kompaniya so‘zlariga ko‘ra, Ilon Maskning bu qarorga kelishi «bozor narxlari pasayishi xamda buning hisobiga kelishuvda belgilangan pul miqdori kam tuyulgani ortidan» kelib chiqqanini aytib o‘tgan.

Kechagi gaplar…

Eslatib o‘tamiz, bugungi sud haqidagi gaplar bo‘lgungacha milliarderning Twitter ijtimoiy tarmog‘ini sotib olishdagi niyati anchayin muhokamagir mavzuga aylanib ulgurgan edi. Xususan, uning bu ijtimoiy tarmoqni sotib olish haqidagi g‘oyasi ko‘pchilik o‘rtasida qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqarishi bilan birga, keng jamoatchilik tomonidan kulgiga ham olingandi.

Sabab esa milliarderning bu ijtimoiy tarmoqni internetning «so‘z erkinligi maydoniga aylantiraman», deya aytgan so‘zlari bilan bog‘liq.

Aprel oyidan buyon Ilon Mask va Twitter mavzusi internetni portlatgan bo‘lsa ham, Mask Twitter’ning yakka egasi bo‘lish fikridan hanuz qaytmagandi. O‘shanda bir necha haftalab, u kompaniyaning asosiy aksiyadori maqomini qo‘lga kiritgach, tarmoqni sotib olish uchun avvaliga 40 milliard dollar taklif qilgan.

Keyinroq esa boshqaruvdagilar Ilon Mask Twitter’ni o‘zlariga qarshi ishlovchi platformaga aylantirmaslik uchun kompaniyani saqlab qolish yo‘llarini qidira boshlagan. Bu voqealar fonida kompaniyaning eng katta hissadori Saudiya Arabistoni shahzodasi Al-Valid ibn Talal Al Saud Ilon Mask taklif qilgan pullar Twitter’ning asl bahosini aks ettirmaganini ijtimoiy tarmoqlarda bayon qilib, milliarderning taklifini rad etgan edi. Al-Validning taklifi rasmiy rad javobi sifatida qabul qilinmasa-da, o‘sha vaqtda kompaniya boshqaruvidagilar Al-Valid bilan bir xil qarashlarga egaligini bildirib o‘tgan.

Bu orada esa kompaniya tadbirkorning taklifini rasmiy rad etmagan. Shunga qaramay, haligacha yakuniy qarorga kelinmayotgandi.

Keyinchalik bo‘lsa Forbes2022 ro‘yhatidagi dunyoning eng boy odami, Tesla va SpaceX komaniyalari egasi, milliarder Ilon Mask Twitter ijtimoiy tarmog‘ini 44 milliard dollarga sotib olib, uni ham o‘z tasarrufiga o‘tqazgani haqida internet nashrlari birin-ketin xabar berishni boshladi.

Bu yangilikdan so‘ng Maskning o‘zi tarmoqni avvalgidanda yaxshiroq holatga, jumladan, yangi funksiyalarni qo‘shish, manbalar kodini ochiqlash hamda foydalanuvchilar shaxsini haqiqiy yoki soxtasidan ajrata olish kabi xususiyatlarga ega platformaga aylantirmoqchi ekanligi to‘g‘risida ommaga ovoza qilgan edi.

Mashhura KARIM tayyorladi