Rossiya-Ukraina mojarolari fonida Rossiya Yevropa davlatlari tomonidan qo‘llangan sanksiyalar «hujumi» ostida qoldi. Bu asnoda, ko‘plab brendlar, mahsulotlar, oziq-ovqat, parfyumeriya, texnik qurilmalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar birin-ketin rus diyorini tark etdi. Voqealar rivoji ruslar uchun salbiy oqibatlar olib kelayotgan bir paytda Rossiya ham bu holatga javoban Yevropani gazdan uzib qo‘yishga qaror qildi va qildi ham. Bir necha davlatlar, jumladan, Germaniyaning 60% qismi ayni damda gazdan uzib qo‘yilgan. Va bu «operasiya» hamon davom etmoqda.
Endi esa Rossiya rahbari Vladimir Putin yana bir «xorijiy ta’sir ostida qolgan shaxslar faoliyatini nazoratga olish»ga doir umumiy qonun chiqargani xabar qilindi. Bu qonun shu yilning 1 dekabridan kuchga kirishi aytilmoqda.
Qabul qilingan qonunga ko‘ra, endilikda har qanday rus yoki xorijiy tashkilotlar, shuningdek, jismoniy shaxslar, bordi-yu ular «chet el tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, «chet el ta’siri» ostida bo‘lsa va quyidagilar bilan shug‘ullansa, xorijiy agentlar deb tan olinishi mumkin:
— siyosiy faoliyat;
— Rossiyaning harbiy va harbiy-texnik faoliyati sohasidagi ma’lumotlarini maqsadli to‘plash;
— cheksiz odamlar doirasiga mo‘ljallangan xabarlar va materiallarni tarqatish;
— bunday xabarlar va materiallarni yaratishda ishtirok etish;
— shu kabi faoliyatlarni moliyalashtirish.
Qonun loyihasi mualliflariga ko‘ra, “xorijiy ta’sir” ostida bo‘ladigan shaxslarga quyidagilar kiradi:
— xorijiy manbadan, masalan, boshqa davlatdan, uning organlaridan yoki xalqaro tashkilotlardan ko‘mak olgan (qo‘llab-quvvatlashga moliyaviy, tashkiliy, uslubiy, ilmiy va texnik yordam, shuningdek «boshqa shakllardagi yordam» kabilar ham kiradi);
— jumladan, «majburlash, ishontirish yo‘li bilan”, shuningdek, boshqa yo‘llar bilan ta’sir ob’yektiga aylangan shaxslar.
Xorijiy manba sifatida esa quyidagilar kiradi:
— xorijiy davlatlar;
— xorijiy davlatlarning jamoatchilik organlari;
— xalqaro va xorijiy tashkilotlar;
— chet el fuqarolari;
— fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
— yuridik shaxs tashkil etmagan xorijiy tuzilmalar;
— oldingi bandlarda ko‘rsatilgan manbalar tomonidan vakolat berilgan shaxslar;
— Rossiya Federasiyasi fuqarolari va oldingi bandlarda ko‘rsatilgan manbalardan pul yoki mol—mulk oladigan, shuningdek bunday mablag‘larni olishda vositachi bo‘lgan yuridik shaxslar.
«Xorijiy agent» sifatida ro‘yhatdan o‘tganlarga belgilangan cheklovlar quyidagicha:
— voyaga yetmaganlarga nisbatan o‘quv va tarbiyaviy tadbirlarni amalga oshirish;
— voyaga yetmaganlar uchun axborot materiallarini ishlab chiqarish;
— davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishda ekspert sifatida ishtirok etish;
— qonunlarning mustaqil ekspertizasini o‘tkazish;
— komissiya, qo‘mitalar, maslahatchi va ekspert davlat organlarining a’zosi bo‘lish;
— davlat xizmatida ishlash;
— davlat ta’lim muassasalarida ishlash;
— davlat sirlariga kirish huquqiga ega bo‘lish;
— davlat xaridlarida ishtirok etish;
— davlat yordamini olish;
— saylov komissiyalari a’zosi bo‘lish;
— ommaviy tadbirlar tashkilotchisi sifatida harakat qilish;
— Rossiyadagi strategik korxonalarga sarmoya kiritish;
— soddalashtirilgan soliqqa tortish tizimidan foydalanish;
— deputatlikka nomzodlarning, siyosiy partiyalarning saylov fondlariga xayriya mablag‘larini kiritish.
Shuningdek, quyidagi shaxslar va tashkilotlar «xorijiy agent» sifatiga ro‘yhatdan o‘tmaydi:
—Rossiya Federasiyasiga tegishli jamoatchilik organlari, davlatga tegishli kompaniyalar, korporasiyalar, hamda ular tarkibiga kiruvchi shaxslar;
— diniy tashkilotlar;
— siyosiy partiyalar;
— bandlikni ta’minlash assosiasiyalari, savdo-sanoat palatalari.
Rasmiylar, shuningdek, xorijiy agentlarga aloqador shaxslarning qo‘shimcha ro‘yxatini shakllantirishmoqda. Bu xorijiy agentlikda ishlagan yoki xorijiy agentdan pul va mol-mulk olganlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Mashhura KARIM tayyorladi