O‘zbekistonda iqlimiy xavflarni sug‘urtalash bo‘yicha xorij tajribasi qo‘llaniladi

Dunyoda tabiiy ofatlar tufayli yuzaga keladigan moliyaviy yo‘qotishlar o‘sishda davom etmoqda va rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar singari O‘zbekiston ham ulardan tobora ko‘proq aziyat chekmoqda. Tabiiy ofatlar davlatlar uchun katta moliyaviy xavf tug‘diradi va byudjetning beqarorligini keltirib chiqaradi. O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuvi va xavf-xatar profilaktikasini hisobga olgan holda, xavfli tabiat hodisalari ortib borayotgan davlatlar safiga kiradi.

Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligida ayni shu masalalar yechimiga bag‘ishlangan uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning iqlimiy xavflarni sug‘urtalash bo‘yicha eksperti Faraz Amjad va O‘zbekistondagi BMTTD dasturi vakili Pishenbay Umirbekovlar bilan O‘zbekiston sug‘urta bozorida yangi sug‘urta mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy yetish masalalari muhokama etildi.

Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, muloqotda mamlakatimiz dunyodagi 20 dan ziyod davlatlar orasidan «Inklyuziv sug‘urta va risklarni moliyalashtirish» loyihasini amalga oshirish uchun tanlab olinganligi alohida qayd etildi. Taklif etilayotgan loyiha yangi sug‘urta mahsulotlari, vositalari va xizmatlarini ishlab chiqish va joriy etishning katalizatoriga aylanishi, shuningdek, O‘zbekistonda sug‘urta bozorining uzoq muddatli o‘zgarishini qo‘llab-quvvatlashi aytildi.

Hamkorlikda amalga oshirilishi kutilayotgan loyiha institusional salohiyatni rivojlantirish bilan birga qonunchilik va tartibga soluvchi islohotlar orqali sug‘urta bozorini yaratishga xizmat qiladi. Ushbu loyiha investisiyalar, o‘qitish va ta’lim, shuningdek, sug‘urta sohasidagi sheriklar bilan mahalliy bozorga moslashtirilgan sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad — BMTTDning sug‘urta va risklarni moliyalashtirish mexanizmini taqdim etish va O‘zbekistonda sug‘urta bozorini yanada rivojlantirish, shuningdek, eng yaxshi xalqaro sug‘urta tajribasini mahalliy bozorga integrasiyalash masalalarini muhokama qilishdan iborat. Ma’lumki, integrasiya jarayoni o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga ega yo‘l xaritasini ishlab chiqishni talab qiladi. Bundan tashqari, Agentlik salohiyatini mustahkamlash, milliy sug‘urta bozoridagi mavjud kamchiliklarni baholash, yangi qonun va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va O‘zbekistonning maqsadli hududlarida yangi sug‘urta mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish zarur.

Diagnostika mamlakatning iqtisodiy yo‘qotishlarga va tabiiy ofatlarga nisbatan moliyaviy barqarorlikni oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMTTD O‘zbekistondagi davlat va xususiy sektor manfaatdor tomonlariga o‘z yordamini taqdim etadigan oltita asosiy yo‘nalishni aniqladi.

Ushbu sohalarga quyidagilar kiradi:

Sug‘urta sektorining me’yoriy-huquqiy bazasini mustahkamlash va sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining nazorat qiluvchi xodimlarining malakasini oshirish;

Hukumat darajasida davlat aktivlarini tabiiy ofatlar xavfidan sug‘urtalash sxemasini ishlab chiqish;

Inklyuziv sug‘urtani rivojlantirish;

Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash sxemasini ishlab chiqish va xatarlarni modellashtirishni qo‘llab-quvvatlash;

Mikromoliya xizmati ko‘rsatuvchilari, fermerlar uyushmalari va xotin-qizlar uyushmalarining sug‘urta savodxonligini oshirish;

Ishsizlikni sug‘urtalashning milliy tizimi rivoji.

Yuqorida yo‘nalishlar tahlil natijalari asosida aniqlangan bo‘lib, ushbu faoliyat yo‘nalishlari milliy manfaatdor tomonlar bilan muhokama qilinishi va 2022-yil iyulidan 2024-yil iyuniga qadar qo‘shma ish rejasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.