Qashqadaryoda chang bo‘roni kuzatilmoqda

Qashqadaryo viloyatining Buxoro viloyati bilan chegaradosh tumanlarida kuchli shamol va chang bo‘roni hodisalari kuzatilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Muborak tumanida kuchli shamol ortidan chang to‘zon ko‘tarilib, ko‘ruvchanlik 200-300 metrgacha pasaygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet ayrim hududlarda chang bo‘roni kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

Shuningdek, 2021 yil 5 noyabrda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda «O‘zgidromet» xizmati mamlakatdagi chang-to‘zon hodisalariga nima sabab bo‘lishi haqida ma’lumot bergan edi.

Ma’lum qilinishicha, 4 noyabrda — kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston hududiga Qozog‘iston viloyatining janubiy viloyatlari orqali Ural-Volgabo‘yi hududlaridan sovuq qutb antisikloni front old qismi kirib kelgan. Shuningdek, Janubiy Qozog‘istonning markaziy hududida (Chimkent viloyati) shimoliy yo‘nalishda kuchli shamol kuzatilgan.

Qozog‘istondan kirib kelgan kuchli shamol Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida davom etdi. Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatida shamol tezligi maksimal 20-25 metr/sekundga yetgan. Kechga tomon Qozog‘iston janubidan esgan kuchli shamol Sirdaryo viloyati orqali o‘z yo‘nalishini g‘arbiy va janubi-g‘arbiy tomonga o‘zgartirgan.

Shu bilan birga, davomli esgan kuchli shamol natijasida cho‘l landshaftiga ega hududlarda tuproq sirtidagi chang va qum zarralari havoga ko‘tarilib, chang bulutini hosil qilgan. Chang buluti shamol yo‘nalishi bo‘yicha avval Sirdaryo viloyatiga, so‘ng Toshkent viloyati va Toshkent shahrining atmosfera havosida chang-bo‘ron va g‘ubor keskin ortib ketishiga sabab bo‘lgani aytilgan edi. Chang bo‘ronlari va g‘ubor atmosfera havosining ko‘rinish darajasini Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 500–1000 metrga, Toshkent shahrida esa 200 metrgacha chegaralagandi.