Chilonzor tumanidagi yirik yong‘in yuz berdi

Bugun, 22 iyul kuni soat 18:21 atrofida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga poytaxtning Chilonzor tumani, Al-Xorazmiy ko‘chasi bo‘yida joylashgan qurilishi tugallanmagan oshxonasi bo‘lgan binoda yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi.

Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea joyiga, taxminan, soat 18:26 atrofida 5 nafar yong‘in-qutqaruv guruhi yetib kelgan. 23 daqiqadan so‘ng yong‘in to‘liq o‘chirilgan.

Yong‘in natijasida binoning ichki qismi va 200 kv.m maydondagi tom qismi zararlangan.
Qayd etilishicha, mutaxassislarning tezkor harakatlari natijasida binoning 600 kvadrat metr maydonini yong‘indan saqlab qolingan.

Hodisa oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

Hozirda yong‘in sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.