Yangi raqobatchi Buyuk Britaniya va Fransiya kompaniyalari birlashuvi orqali tuziladi.
Fransiyaning Eutelsat sun’iy yo‘ldosh operatori va Buyuk Britaniyaning OneWeb kompaniyasi yaqin kunlarda AQSHning SpaceX (Starlink) va Amazon (Amazon Project Kuiper) sun’iy yo‘ldosh dasturlari bilan raqobat olib borish uchun birlashishi mumkin. Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.
Nashrning yozishicha, 25 iyul kuniyoq kelishuv tuzish tugallangan. Ammo har ikki tomon hozircha har qanday izoh berishdan o‘zini tiymoqda. Yangi tuzilayotgan kompaniya fransiyalik, britaniyalik, xitoylik va hindistonlik aksiyadorlarga ega bo‘ladi.
OneWeb hozirda 24 foiz Eutelsat, 18 foiz Britaniya hukumati va 30 foizi hindistonlik milliarder Sunil Bxarti Mittalga tegishli. Eutelsat’ning 20 foiz aksiyalari Fransiya davlatiga va taxminan 7 foizi Xitoy investision korporasiyasigaga qarashli.
Buyuk Britaniya va Fransiya hukumati vakillari birlashgan kompaniyaning direktorlar kengashiga a’zo bo‘lishi kutilmoqda.