Bu yil maktab formasi majburiy bo‘lmasligi ma’lum qilindi

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov 2022-2023 o‘quv yilida yagona maktab formasi joriy etilishi yuzasidan ma’lumot berdi.

2022 yil sentyabr oyidan yangi o‘quv yilida ota-onalar uchun yagona formani xarid qilishga majburiy talab qo‘yilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan o‘quvchilarga nisbatan hech qanday e’tirozlar bildirilmaydi.

Milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib, o‘quvchi-qizlarning maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishlari ma’n etilmaydi.

Shuningdek, o‘quvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan o‘lchamdan kalta bo‘lishi mumkin emas.

Mahalliy hokimliklar tomonidan kam ta’minlangan oilalarga mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga ko‘mak beriladi.

Maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish bo‘yicha maktab ma’muriyati tomonidan majbur etilmaydi va bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maktab formasi savdosi avgust oyidan boshlab har bir tuman va shahar markazlaridagi aholiga qulay joylar hamda maktab yarmarkalarida tashkil etiladi.