Namanganda arxeologiya ob’yektga 80 milliard so‘m zarar yetkazilgan

Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati va Madaniy meros agentligi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani mas’ul mansabdor shaxslari tomonidan madaniy meros ob’yekti uy-joy qurish uchun noqonuniy berib yuborilgani aniqlandi. Oqibatda ob’yektga jiddiy zarar yetkazilgan.

Jumladan, madaniy meros yodgorligi hisoblangan Yangiqo‘rg‘on tumani Gaiston mahallasida joylashgan “Gaistontepa” arxeologiya yodgorligiga oid hujjatlar tuman kadastr va qurilish bo‘limi boshliqlari tomonidan qonunchilik talablariga zid ravishda yer uchastkalarini berish masalasini ko‘rib chiquvchi komissiyaga taqdim etilgan va ushbu hudud noqonuniy ravishda fuqarolarga dala hovli qurish uchun ajratilgan.

Oqibatda, “Gaistontepa” arxeologiya yodgorligi 2020-2021 yillar davomida fuqaro Z.M. tomonidan buzib tashlanib, o‘rniga uy-joy qurilgan. Natijada tarixiy ob’yektga 80 mlrd. so‘m jiddiy zarar yetkazilgan.

Tekshirish natijasiga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.