«O‘zbekko‘mir» AJ tomonidan 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumida aholi ehtiyojlari uchun 882 ming tonna mahalliy ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu haqda jamiyat direktorining birinchi o‘rinbosari Alijon Mirahmedov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha: «“O‘zbekko‘mir” tomonidan 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumi uchun respublika ijtimoiy soha ob’yektlariga 518 ming tonna, aholi ehtiyojlari uchun 882 ming tonna mahalliy ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish rejalashtirilgan.
Ijtimoiy soha ob’yektlariga ko‘mir yuklash ishlarini bu yil har galgidan ancha barvaqt − 1 apreldan boshlandi. Ayni paytda jamiyat tomonidan kuniga o‘rtacha 3 ming tonna ko‘mir yuklab jo‘natilmoqda. 2022 yil 27 iyul holatiga byudjet tashkilotlari uchun 326,3 ming tonna mahalliy ko‘mir ortib yuborildi. Ko‘mir tarqatish ishlari ayniqsa Samarqand va Xorazm viloyatlarida namunali tashkil etilmoqda».
Respublika byudjet tashkilotlarini kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir bilan to‘liq ta’minlash ishlarini 15 sentyabrga qadar yakunlash, aholini mahalliy ko‘mir bilan ta’minlashni esa 31 dekabrgacha tugatish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, respublika byudjet tashkilotlari va aholi uchun mo‘ljallangan mahalliy ko‘mir BR-2 markali bo‘lib, fraksiyasi 0-300 millimetrni, kulchanligi 17 foizni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz:
«O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2022 yilda iste’molchilarga 4,8 million tonna ko‘mir yetkazib beriladi. Birinchi yarim yillik davomida 2,4 million tonna (prognozga nisbatan 97,1 foiz) ko‘mir qazib chiqarilgan. Bu 2021 yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 110,4 foizga tengdir.
Dilbar Rajabova tayyorladi