«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–786-son, 03.08.2022 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (900 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Mazkur huquqbuzarliklar yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mansabdor shaxslari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadi.
«Advokatura to‘g‘risida»gi Qonunda advokatlar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan ekspertiza o‘tkazilishini so‘rash huquqiga ega ekanligi belgilandi.
Shuningdek, advokat ekspertiza xulosasini ish materiallariga qo‘shib qo‘yilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilishi mumkin.
Sud ekspertlik faoliyati bilan nodavlat tashkilotlar shug‘ullanishiga ruxsat berilganligi munosabati bilan Fuqarolik prosessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tushunchasi kiritildi.