Buyuk Britaniya: Aholi kamroq cho‘milishga targ‘ib etilmoqda

Buyuk Britaniya aholisiga suv tanqisligini oldini olish uchun cho‘milish vaqtini kamida bir daqiqaga qisqartirish tavsiya qilindi. Bu haqda The Sunday Times gazetasi qirollikdagi suv ta’minoti kompaniyalaridagi manbalarga tayanib xabar bergan.

«Siyosiy jihatdan, hech bo‘lmaganda qisqa muddatda ommalashmasligi mumkin, ammo bizda oddiy tanlov bor: infratuzilma uchun milliard funt sarflash yoki odamlardan dushda bir daqiqa kamroq vaqt sarflashni so‘rash», — deya nashr manba’lardan biridan iqtibos keltirib o‘tgan.

Qayd etilishicha, hukumat dasturi doirasida har bir britaniyalik 2050 yilga borib kuniga 145 litr suvdan foydalanishni 110 litrgacha kamaytirishi kerak.

Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada 25 yildan so‘ng aholini suv bilan ta’minlash uchun kuniga qo‘shimcha 4 milliard litr suvga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

6 avgust kuni Daily Mailgazetasi Buyuk Britaniyada misli ko‘rilmagan jazirama to‘lqini fonida joriy qilingan suv cheklovlari jami 20,5 million kishiga ta’sir qilishi mumkinligi haqida xabar bergan.