Shveysariyaning ElCom elektr energiyasi bo‘yicha federal komissiyasi rahbari Verner Luginbyul kelasi qishda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkinligi sababli aholini o‘tin va shamlar zaxirasini yig‘ishga chaqirdi. Bu haqda Neue Zürcher Zeitung yozmoqda.
“Eng yomon ssenariy, biz haqiqatan ham bir necha soatga bo‘lsa ham, ba’zi hududlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun kelayotgan qishga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Shuning uchun, albatta, uyda shamlar yetarli bo‘lishi oqilona qaror. Agar kimdir o‘tin yoqadigan pechkaga ega bo‘lsa, yetarlicha o‘tin zaxiralashi kerak”, — deya ta’kidlagan Luginbyul.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropada gaz va elektr taqchilligi yuzaga kelishi mumkinligi sababli o‘zi ham odatdagidan ko‘proq o‘tin jamg‘argan hamda chiroq va akkumulyatorlar sotib olgan.
Komissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, turli xavf-xatarlar uyg‘unligi mamlakat rasmiylarini Shveysariyada ilgari hech qachon ko‘rilmagan choralarni ko‘rishga majbur qilishi mumkin.
Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda mablag‘ni tejash maqsadida bir qator yirik elektr iste’molchi korxonalarida ishlab chiqarishni to‘xtatish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.