Sergeli tumanida kredit olib berishni va’da qilgan firibgar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro O.R. boshqa bir fuqaro M.ning ishonchiga kirib, unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali bank muassasasidan 600 mln so‘m kredit olib berishi evaziga 3 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.