Afg‘onistonlik 19 va 22 yoshli Fariba hamda Yildiz Hoshimiy ismli opa-singillar 1 yil oldin velosiped haydashni o‘rganishgan. Ular o‘z ustida ishlab kareralarini yaratayotgan bir paytda hukumatga Tolibon qaytdi.
Ular ikki yo‘ldan birini tanlashlari kerak edi: Yo Afg‘onistonda qolib orzularidan voz kechishadi yoki yurtdan qochib ketib o‘z xayollarini haqiqatga aylantirishadi.
Aslida opa-singillar uchun Tolibon hukumatidan oldin ham velosiped sporti bilan shug‘ullanishga sharoit yo‘q edi. Chunki ular davlatning shimolidagi kichik tumanda istiqomat qilishardi. Aholi ularning velosiped haydashiga salbiy munosabat bildirar, tahdid qilishardi. Faribaning aytishicha, ularning velosipedlarini toshbo‘ron qilishar ekan.
Velosiped fobiyasi
Maktabdagi o‘rtoqlari ham ularga yaxshi munosabatda emasdilar.
“Menga laqab qo‘yishar, velosiped minib ularni uyatga qoldirayotganimni aytishardi” deydi Yildiz.
Avvaliga velosiped haydashlarini oilalaridan ham yashirishgan. Keyinchalik mahalliy axborot vositalarining olgan suratlaridan ko‘rib xabar topishgandi.
“Dastlab, oilamdagilar velosiped haydashdan voz kechishimni talab qilishdi, lekin men maqsadimdan qaytmadim” deydi Fariba.
Afg‘onistondan qochish
Tolibon o‘tgan yil avgust oyida hukumatga kelgach, Fariba va Yildiz kabi sportchi ayollar xavotirga tushib qolishdi. Chunki Tolibon ayollarga sportning har qanday turi bilan shug‘ullanishni man qildi.
Shundan so‘ng opa-singillar o‘zlarining mashg‘ulotlarini davom ettirish uchun davlatni tark etishni o‘ylay boshlashdi.
Oldin birgalikda velosiped mashqlari bilan shug‘ullangan jahon chempioni Alessandra Japaletto bilan bog‘lanishdi.
Japalettoning “Birdamlik yo‘li” markazi sport bilan shug‘ullanayotgan ayol sportchilarni qo‘llab-quvvatlardi. Chempion ayol opa-singillarning hayotlarini xavf ostida deb o‘ylab, ularga yordam berishga qaror qiladi.
Shu ish bo‘yicha Japaletto Italiya Tashqi ishlar Vazirligi va BMT bilan bog‘landi.
Fariba va Yildiz, qolaversa, yana ikki-uchta sportchi qizlarni Italiyaga jo‘nab ketadigan samolyotga mindirishga muvaffaq bo‘ldi.
Italiyada yangi hayot
Japaletto ularni Italiyaning shimolidagi o‘zi yashaydigan joyga yaqin masofadagi shaharchaga joylashtirdi. Buyer ayni paytda velosportchilar uchun eng qulay va mashhur maskan hisoblanadi.
Yosh sportchilarganing Italiyaga joylashishlarida yordam berdi hamda ularni yangi velosiped, murabbiy hamda murabbiya bilan ta’minladi.
Fariba “Alessandra velosiped qahramoni, u bizga ko‘p yordam berdi, go‘yo o‘z onamizdek g‘amxo‘r” deydi.
Italiyaga kelgach, opa-singillar velosiped sporti haqida hechqanday bilimga ega emasliklarini anglab yetishdi va hammasini boshidan boshlashdi.
“Yagona maqsadim” — deydi Fariba: “Olimpiadada ishtirok etish, g‘alaba qozonish va Afg‘on ayollarining nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘yishni istayman. Bizni dunyo tanishini istaymiz”.
Yildizning ismi Afg‘on Milliy Velosiped Federasiyasi tomonidan Olimpiada musobaqasi uchun qayd etildi.
“Olimpiadalarda Afg‘oniston madhiyasi kuylanishini, bayrog‘imizni ko‘klarga ko‘tarishni xohlayman. Ota-onam ham meni ko‘rishlarini, men bilan faxrlanishlarini istayman” deydi Yildiz.
Dilbar Rajabova tayyorladi