Yerevandagi Surmalu bozoridagi portlash qurbonlari soni 15 kishiga yetdi. Qayd etilishicha, voqea joyida qutqaruvchilar bolaning jasadini topgan. Bu haqda Armaniston Favqulodda vaziyatlar vazirligi saytida ma’lum qilingan.
“Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 15 kishining jasadi topildi. Ulardan to‘qqiz nafarining, jumladan, bolaning shaxsi hali aniqlanmagan”, — deyiladi agentlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Yerevandagi bozorda portlash 14 avgust kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan. Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, pirotexnika buyumlari ombori portlagan. Hodisa oqibatida 61 kishi tan jarohati olgan. Hozirda 12 kishi tibbiyot punktlarida davolanmoqda, ularning hayotiga hech narsa tahdid solmayapti.