Jizzaxda 10 taga yaqin avtomobillar ishtirokida YTH sodir boʻldi: qurbon bor

Jizzax viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati xabariga koʻra, 18-avgust kuni soat 23:30 larda Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanidagi yoʻlda 52 yoshli haydovchi boshqaruvidagi «Zil-130» rusumli yuk avtomashinasi nosoz holda toʻxtab qolgan. Shu yerda xizmat olib borayotgan YPX inspektori Cobalt rusumli YPX xizmat avtomashinasida mayoqchalarini yoqib, harakat xavfsizligini taʼminlab turgan vaqtida, 21 yoshli zominlik haydovchi «Zil-130» rusumli yuk avtomashinasi bilan YPX inspektorining xizmat avtomashinasini chap tomonini qirib oʻtib, oldinda toʻxtab turgan yuk mashinasining orqa qismiga urilgan.

Yuzaga kelgan tirbandlik tufayli toʻxtab turgan 26 yoshli buxorolik haydovchi boshqaruvidagi Damas orqasidan harakatlanib kelayotgan 24 yoshli zominlik haydovchi boshqaruvidagi «Zil-130» rusumli yuk avtomashinaning tormoz tizimi ishlamay qolishi natijasida, oldindagi avtomashinalar oʻng tomoni va bordyur oʻrtasidan yurib ketgan.

Oqibatda yuk mashinasi Samarqand viloyati Qoʻshkoʻpir tumanida yashovchi 53 yoshli piyodani urib yuborib harakatlanishda davom etgan va Cobalt rusumli YPX xizmat avtomashinasining orqasidan urib texnik shikast yetkazgan.
YTH oqibatida 21 yoshli «Zil-130» rusumli haydovchisi voqea joyida vafot etgan va ikki nafar fuqaro tan jarohati olgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.