Prezidentning navbatdagi farmoni e’lon qilindi

Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida joylashgan va shu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’yektlari uchun 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda:

foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilgan holda;


ijtimoiy soliq kamaytirilib, 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasida;


yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanayotgan ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 6 baravarga kamaytirilib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi.


Bunda yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasalar, byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslarga mazkur bandda belgilanayotgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, 2022 yil 1 oktyabrdan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilishda, shu jumladan, eksport qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xarid qilingan xomashyoni respublika bo‘ylab tashishda transport xarajatlarining 70 foizi Tashqi savdo, investisiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Hukumat komissiyasi) tomonidan belgilangan ro‘yxatga asosan Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;


ajratiladigan kredit summasining 75 foizigacha (75 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kafilliklar taqdim etiladi;


Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida Hukumat komissiyasining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 7 yil muddatga qarz mablag‘lari taqdim etiladi.