SSV: Maktab oshxonalarida “fastfud” tayyorlash va sotish taqiqlanadi

Xot-dog, lavash, gamburger, “xrustyashki”, chips, energetik va gazli ichimliklar… Bugungi kun bolalari va hatto yoshlari sevib iste’mol qiladigan mahsulotlarning kichik bir ro‘yxati bu.

Biroq ushbu yegulik va ichimliklar salomatlik uchun ziyon. Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ularni kundalik taomnomadan chiqarishni tavsiya qiladi. Qolaversa, bu turdagi mahsulotlar yurtimizdagi umumta’lim muassasalarida ruxsat etilmaydigan oziq-ovqat va taomlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Jumladan, “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”ga ko‘ra, quyidagilar maktab oshxonalarida tayyorlanishi va sotilishi mumkin emas:

Go‘sht qo‘shilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizburger va xot-doglar).

Sun’iy ta’m, hid beruvchi moddalar, bo‘yoqlar, aromatizatorlar qo‘shilgan qandolatchilik mahsulotlari.

Sun’iy konservantlari bo‘lgan “kiriyeshki”, “xrustyashki” va chipslar.

Rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar.

Veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht, baliq, parrandalar; jigar, til va yurakdan tashqari barcha kalla-poychalar.

Tashqi qavati toza bo‘lmagan, singan, zarur talablarga javob bermaydigan tuxumlar.

Bankalarning germetikligi buzilgan, bombajli, zanglagan, shakli o‘zgargan, yorlig‘i bo‘lmagan va ishlab chiqarish vaqti hamda yaroqlilik muddati belgilanmagan konservalar.

Turli aralashmalar bilan yoki ombordagi zararkunandalar bilan zararlangan yorma, un, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar.

Kremli qandolat mahsulotlari (tort va pishiriqlar).

Xolodes, parranda va tuyoqli hayvonlar oyog‘idan tayyorlangan hamda kalla go‘shti ruletlari, o‘pka-jigarli va qondan qilingan kolbasalar.

Pasterizasiya qilinmagan (flyagadagi) tvorog, termik ishlov berilmagan, idishda saqlangan tvorog va qaymoq; qo‘lbola qatiq; epizootik nohush xo‘jaliklardan olingan, shuningdek, dastlabki ishlov berilmagan va pasterizasiya qilinmagan sut va sut mahsulotlari; qimiz va tarkibida etanol bo‘lgan (0,5 foizdan ortiq) boshqa achitilgan sutli mahsulotlar.

Qo‘ziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar.

Kvas.

Xom dudlangan go‘shtli gastronomik mahsulotlar va kolbasalar, shu jumladan, kaynatilgan kolbasa.

Sirka, xantal, xren, o‘tkir qalampir (qizil, qora) va boshqa o‘tkir ziravorlar.

O‘tkir ta’mli souslar, ketchuplar, mayonez, konservalar, marinadlangan sabzavot va mevalar.

Tabiiy kofe, tetiklantiruvchi va quvvatni oshiruvchi energetik ichimliklar, alkogol.

Pazandalik moylari, cho‘chqa yog‘i, margarin va boshqa gidrogen yog‘lar.

Danakli mevalarning mag‘zi, saqich, meva va rezavorlilardan tayyorlangan yaxna ichimliklar va morslar (termik ishlovsiz).

Okroshka va sovuq sho‘rvalar, yog‘da qovurilgan tuxum, pashtet, go‘sht va tvorogli quymoqlar.

Tez tayyorlanadigan quruq oziq-ovqat konsentratlari asosidagi birinchi va ikkinchi taomlar maktab oshxonalarida bo‘lishi taqiqlanadi.