Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining iqtisodiy oqibatlari sharoitida O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va bandlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishini ma’qulladi.
O‘zbekiston hukumati o‘zining 1,2 milliard AQSH dollarlik «Rivojlanish uchun kontrsiklik xarajatlar dasturini» amalga oshirishi uchun OTB tomonidan unga «Faol kontrsiklik xarajatlar yordamida barqarorlikni oshirish dasturi» (FKXBOD) doirasida zarur bo‘lgan moliyaviy yordam taqdim etiladi.
Hukumat dasturi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va narxlar barqarorligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalar, keksalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, ishsiz va qaytayotgan mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
FKXBOD dasturi hukumatning bug‘doyni import qilish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona to‘lovlaridan ozod qilish kabi oziq-ovqat mahsulotlarini barqaror narxlarda va yetarli darajada ta’minlashga qaratilgan choralarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, dastur hukumatga 2022 yil dekabrigacha ijtimoiy yordam to‘lovlarini 8,9 milliondan ortiq himoyaga muhtoj aholiga to‘lashni davom ettirishda yordam beradi.
OTB, shuningdek, monitoring va baholashni qo‘llab-quvvatlash uchun texnik ko‘makni amalga oshiradi va u Texnik ko‘mak maxsus jamg‘armasi hisobidan ajratiladigan 400 000 AQSH dollari miqdoridagi grant hisobidan moliyalashtiriladi.