Prezident qarori bilan Namanganda yangi institut tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etildi.

Institutda o‘quv jarayoni 2023/2024 o‘quv yilidan boshlanadi va kredit-modul tizimiga asoslanadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va «O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari» uyushmasi to‘qimachilik sanoati rivojlangan xorijiy davlatlar oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda Institutning zamonaviy o‘quv dasturlarini yaratadi.

O‘z navbatida, 2024/2025 o‘quv yiliga qadar Institut huzurida to‘qimachilik texnoparki faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

2026/2027 o‘quv yiliga qadar Institutning kamida 2 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditasiyasidan o‘tkaziladi.

Institutga Namangan shahar, «Gulobod» MFY, Janubiy aylanma yo‘li ko‘chasi, 17-uyda joylashgan bino va inshootlar beriladi.