Qrim ko‘prigida yuz bergan portlash oqibatlari ma’lum qilindi


Avvalroq Kerch bo‘g‘ozi ustidan o‘tgan Qrim ko‘prigida 8 oktyabr, shanba kuni kuchli portlash sodir bo‘lgani xabar qilingandi. Rossiya Tergov qo‘mitasi hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Tergov bosh boshqarmasi tergovchilari, Kriminalistika bosh boshqarmasi (Kriminalistika markazi) ekspertlari va Rossiya Tergov qo‘mitasi sud-ekspertiza markazi xodimlari zudlik bilan favqulodda holat joyiga yetib borgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. “Bular, ehtimol, portlagan yuk mashinasi yonida bo‘lgan yengil avtomobil yo‘lovchilaridir”, deyiladi qo‘mita bayonotida.

Hozirda ikki nafar halok bo‘lgan (erkak va ayol)ning jasadi allaqachon suvdan chiqarib olindi, ularning shaxsi aniqlanmoqda.

Shuningdek, tergov doirasida tergovchilar yuk mashinasi va uning egasi bo‘yicha ma’lumotlarni ham aniqladi. “U Krasnodar o‘lkasida yashovchi erkak bo‘lib, uning yashash joyida tergov harakatlari boshlangan. Avtomobilning harakatlanish yo‘nalishi va tegishli hujjatlar o‘rganilmoqda”, deyiladi xabarda.