Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun kreditlar 150 million so‘mgacha garovsiz beriladi

“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–387-son, 06.10.2022 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi korxonalariga va mahsulotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga mablag‘lar ajratiladi.

Bunda:
▫️qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun kreditlar 150 million so‘mgacha garovsiz beriladi;
▫️kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari yillik 14 foiz miqdorida belgilanib, 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha ajratiladi;
▫️ajratiladigan kreditlarning 50 foizigacha bo‘lgan qismi qarz oluvchi talabiga asosan naqd pulda taqdim etiladi;
▫️ajratiladigan kreditlar bo‘yicha Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari garov ta’minoti sifatida qabul qilinadi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

2022–2023 yillarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan maydonlar kamida 300 ming gektarga yetkazilishi belgilandi.