Oziq-ovqat mahsulotlarining narxi 16,6 foizga oshdi

Markaziy bank tomonidan «2022 yilning sentyabr oyida aholining daromadlar kesimida inflyasiya darajasi va sezilgan inflyasiya sharhi» taqdim etildi.

Markaziy bank tomonidan aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, respondentlar sentyabr oyida ham avgust oyi kabi go‘sht, sut, non, un, shakar va yog‘ mahsulotlari narxlari yuqori darajada oshganligini bildirishgan.

Qayd etilishicha, 2022 yilning sentyabr oyida yillik inflyasiya darajasi 12,2 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari inflyasiyasi esa 16,6 foizni tashkil etdi. Shuningdek, tashish va aloqa xizmatlari, savdo, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha hududlar kesimida sezilgan inflyasiyaning nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari Buxoro(17,1 foiz) Namangan (17 foiz) viloyatlari va Toshkent (16,6 foiz) shahrida kuzatilgan bo‘lsa, nisbatan past ko‘rsatkichlar Navoiy (11,3 foiz), Andijon (11,6 foiz) hamda Surxondaryo (12 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Hududlar kesimida, 8 ta hududda inflyasiya ko‘rsatkichlari respublika bo‘yicha o‘rtacha umumiy inflyasiya darajasidan baland bo‘ldi. Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Sirdaryo, Surhondaryo va Namangan viloyatlarida oziq-ovqat narxlari o‘sishi sur’atlari qolgan hududlarga nisbatan yuqoriroq ekanligini ko‘rish mumkin.

Xususan, aprel oyidan boshlab ichki narxlar o‘sishining tezlashgani aholining, ayniqsa, kam daromadli guruhlarning sezilgan inflyasiyasi yuqori shakllanishiga sabab bo‘ldi. Bunda, iyun oyida daromadlari 2 million so‘mgacha bo‘lgan uy xo‘jaliklari inflyasiyasining umumiy inflyasiyadan tafovuti 2,4 foiz bandgacha oshgan bo‘lsa, sentyabr oyi yakunlari bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 2 foiz bandgacha pasaydi.