«Uyida chaksa uni yoʻq, tomboshida qoʻsh tandir» deydi xalqimiz.
Oh, mening dono xalqim! Koʻpni koʻrgan donishmandim!!!
Qani endi bu, xudoyim toʻgʻri yoʻlga solgur ayrim amaldorlarimiz, sening maqollaring magʻzini chaqib, ulardan xulosa chiqarib yashasayu yurtimiz gulistonga aylansa!..
Oʻzbekistonda Zulfiya opa qismatini yoritib berguvchi yaxshi bir film ishlandi. Elning eʼtibori qaratildi, duolar qilindi. Mamlakatning hozirgi holida bir inson qismatiga shu eʼtiborning oʻzi juda katta yaxshilik! Bu ishning yaxshilik ekanini aytdik, mana, yana aytyapmiz.
Tagʻin eʼtibor koʻrsatmoqchi boʻlsalaring, otangizga boz rahmat, deymiz. Lekin har bir narsaning oʻz oʻrni, yoʻrigʻi, meʼyori, usuli bor, axir! Odamlarimiz topib aytayotganidek, ana, oʻsha regionga kerakli shifoxonami, maktabmi qurib, opaning nomi bilan atanglar!
«Mening ota-onam «Zulfiya shifoxonasi»da daʼvolanib chiqishdi, shifoxonamisan shifoxona, doʻxtirlari zoʻr! Baraka topishsin! «Zulfiya»ga boringlar, «Zulfiya»ga!»,
yoki
«Mening oʻgʻlim «Zulfiya»da oʻqidi-da, oʻshanchun institutlarga kirib ketdi. Oʻqituvchilariga balli! Siz ham qizingizni «Zulfiya maktabi»ga bering, aylanay!» deya el-yurt gapirsa, duolar qilsa, qanchalar yaxshi! Duo Zulfiya opa va uning oʻgʻillariga borsa, shifoxonayu maktabdan kelgan foyda elga tegadi. Yoki yoʻqmi?!..
Yahudiylarning «pul topishdan oldin, uni sarflashni oʻrgan!» degan bir maqoli bor.
Biz topgan yoki qarz olgan pulimizni hashamu toʻyga, haykalu beton binolarga sarflab, kelajak degan daraxtning ildiziga bolta uryapmiz, ha! 100 yil burun shuni aytib jadid bobolarimiz kuyib-yonib ketishgandi.
Hozirda xalqimizning asosiy qismi oʻrtachadan ham pastroq, yaʼni uyida chaksa unsiz holda kun koʻrayotgan bir paytda bitta haykalga xalqning pulidan shuncha mablagʻ (28 milliard soʻm-a !!!) ajratish tomboshiga qoʻshtandir oʻrnatish deganidir.
Xalq uyini, omborini unga toʻldirib qoʻying, keyin qoʻshtandir nima boʻpti, mingtandir quring, yarashadi. Aks holda…aks holda, koʻpchilik aytayotganidek, «pul yuvish operatsiyasi» degan tamgʻadan qochib qutilib boʻlmaydi.
Ulugʻbek Hamdam