Nohaq sudlangan fuqaro 6 yildan keyin oqlandi

Fargʻona viloyati sudining 2021 yil 25 noyabrdagi ajrimiga binoan nohaq ayblangan fuqaro Rustamjon Mamadaliyev oqlandi.

Maʼlum boʻlishicha, avvaliga u jinoyat ishlari boʻyicha Buvayda tuman sudining 2015 yil 13 maydagi qarori bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 195-moddasiga asosan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosiga tortiladi.

Maʼmuriy jazo muddati tugagach, R. Mamadaliyev bir sutka mobaynida tuman IIB binosida ushlab turiladi. Ertasi kuni — 2015 yil 29 mayda Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga binoan gumon qilinuvchi tariqasida qamoqqa olinadi.

Dastlabki tergov organi tomonidan qoʻyilgan ayblovga koʻra, R. Mamadaliyev 2014 yil oktyabr oyi boshlarida Buvayda tumani IIB jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlinmasi tezkor vakili Azizbek Yunusov bilan oʻzaro jinoiy til biriktiradi. Natijada R. Mamadaliyev dala maydonida oʻsgan nasha oʻsimligining tanasi va barglaridan uzib olib, kelgusida sotish maqsadida A. Yunusovga bergan. Tezkor vakil ushbu giyohvandlik vositasini xizmat xonasida saqlab kelgan. Soʻng 2014 yil oktyabr oyi oʻrtalarida Oʻktam Roʻziqulovga koʻp miqdordagi “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 50 000 soʻmga sotgan.

Shundan soʻng har ikkala shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Dastlabki tergov yakunlangach, R. Mamadaliyev jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻshtepa tumani sudining 2015 yil 15 sentyabrdagi hukmiga asosan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi.

A. Yunusovga ham ushbu jinoyat ishi boʻyicha sudning jazo tayinlangan. Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati sudi kassatsiya instansiyasining 2018 yil 15 maydagi ajrimi bilan u aybsiz deb topilib, oqlangan.

A. Yunusov oqlanganidan soʻng R. Mamadaliyevning himoyachisi sudga apellyatsiya shikoyatini taqdim qiladi. Apellyatsiya instansiyasi sudida Azizbek Yunusov guvoh sifatida ishtirok etib, jismoniy va ruhiy tazyiqlar ostida dastlabki tergov va birinchi bosqich sudida R. Mamadaliyevni ayblashga qaratilgan yolgʻon koʻrsatmalar berishga majbur boʻlganini maʼlum qiladi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasida ish qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi oʻtkazilgan ish boʻyicha jinoiy hodisa yuz bermagan boʻlsa, uning qilmishida jinoyat tarkibi boʻlmasa, uning sodir etilgan jinoyatga daxli boʻlmasa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi aybsiz deb topilishi va reabilitatsiya etilishi lozimligi belgilangan.

Shunga koʻra, Fargʻona viloyati sudi jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻshtepa tumani sudining 2015 yil 15 sentyabrdagi hukmini bekor qilib, R. Mamadaliyevni aybsiz deb topdi va oqladi.