Tafakkur vaqti: manzilga qarshi yoʻl

Majnun har doim Laylining xayoli bilan yashardi. Toʻgʻrirogʻi, uning butun hayoti Layliga intilish bilan oʻtardi. Baʼzan shu koʻyda hushi boshidan ketib, oʻzi tamoman unutardi. Oʻziga kelganida tuyasiga oʻtirib, yoʻlni Laylining qishlogʻiga qarab solardi.

Ammo hijronzada Majnunning hushi koʻpincha oʻzida boʻlmas, tez orada sogʻinch va iztirobdan oʻzini yoʻqotar, ulov tizgini esa, qoʻlidan tushardi.

Buni payqagan tuya shu ondayoq oʻz dardiga mubtalo boʻlib, darhol boshini uyda qolgan boʻtalogʻi tomon burib, ortga qayta boshlardi. Qarabsizki, oradan ancha vaqt oʻtgandan keyin Majnun hushiga kelib qarasa, koʻzlagan manziliga emas, mutlaqo boshqa tarafga qarab ketayotganini koʻrardi. Keyin ulov tizginini tortib, manzili sari yoʻnaltirar va toʻgʻri yoʻlga tushib olardi. Ammo, afsuski, bu holat uzoq davom etmas, Majnun yana oʻzini unutar va tuya ortga qaytib ketardi.

Shu zaylda Majnun oylardir yoʻl yurib oʻz manziliga yeta olmabdi. Axiyri, tuyadan voz kechib, manziliga piyoda yoʻl solibdi.
Toʻgʻri yoʻldan ketayotgan odam bir kun kelib albatta manziliga yetishi shubhasiz. Faqat maqsad sari olib boradigan yoʻlga har doim yuzlanib turishi zarur. Maqsadga orqa oʻgirganning ishi faqat tinimsiz yoʻl yurish va charchashdan iborat boʻladi.

…Umr safari har bir nafasimiz hushyor va ogohlik bilan oʻtkazishni taqozo qiladi. Zotan, koʻzlagan maqsadimizga erishish uchun bu juda muhim.