Hotami Toyi hikoyasikim, u himmat va saxovat kishilariga peshvo edi; uning mehmondorchiligiga taʼzim bilan bosh urmagan bir gadoning himmatini koʻrib, Hotami Toyining u gadoga tan bergani
Hotami Toyiga bir koʻngli ochiq odam dedi:
— Ey, himmatda erkin tabiat kishi, saxiylik kaftingga odat boʻlganidan buyon oʻzingga oʻxshagan kishini hech koʻrdingmi?
U dedi:
— Bir kun men hamma uchun yigʻin qildim. Unga oʻsha choʻldagi odamlarning hammasini chaqirdim. Pishirish uchun yuzta tuya qurbon qilindi; soʻyilgan qoʻy-qoʻzilarning nam son-sanogʻi yoʻq edi. Bazm boʻlib turgan vaqtda birpas havo olgim kelib, dasht tomonga chiqdim. Aylanib yurib, mehnatda ezilgan bir qari cholni koʻrdim. U orqasiga bir quchoq tikon-oʻtin ortgan edi. Gavdasini u yuk egib, vujud uyiga hassadan ustun tirkagan edi. Har qadam tashlaganda, birpas toʻxtab, har dam olganda maʼlum bir fursat oʻtardi. U chekayotgan azob oʻti koʻnglimni yondirib, rahm-shafqat bilan unga shunday xitob qildim:
— Ey qaddini mashaqqat yuki bukkan, tanasida gʻam tikanlari oʻrnashgan odam! Dashtda yurib xabaring boʻlmadimi? Nega Hotamning uyiga bormading. U hammani oʻzining uyiga chaqirib, yaxshi-yu yomonni bugun mehmon qilinoqda-ku. Oʻtinni tashla, izzat gulshaniga bor, mashaqqat chekib oʻltirmay, tur, chaqiriqqa bor!
U mening uning ahvolidan iztirob chekkanimni tushunib, bosh koʻtarib kuldi-yu, shunday javob berdi:
— Ey, oyogʻini ochkoʻzlik band etgan, boʻyniga gʻaraz va qizgʻonchiqlik sirtmoq boylagan, ey gʻayrat vodisida qadam bosmagan, himmat qalʼasiga bayroq tikmagan odam, sen ham bu tikan tashish azobini tortib koʻr. Hotami Toyi minnatini esa torta berma. Qiynalib, mashaqqat bilan bir tanga topish birov bergan xazinadan yaxshiroqdir.
Uning soʻzlari shunday oʻrinli ediki, shuning uchun ham uning himmati menikidan ortiq edi.