Har bir ishda ehtiyotkorlik va ziyraklikni qoʻldan bermaslik lozimdir. Bu xislatlarni yoʻqotgan kishi hiylakor, dogʻuli, tovlamachilikni oʻziga kasb etib olgan firibgar, qalloblarga aldanib, keyin pushaymon boʻladilar. Vaqti oʻtgandan keyin pushaymon boʻlish foyda bermaydi.
Qadim zamonda Eron shaharlarining birida Alouddin nomli moʻtabar bir kishi yashardi. Kunlardan bir kun kechasi yaxshi kiyingan xushbichim bir yigit xizmatchisiga bir sandiqni koʻtartirib Alouddinning uyiga keldi, uning xizmatchisini chaqirib:
— Hojangga ayt, meni qabul qilsin, unga aytadigan yashirin soʻzim bor,— dedi. Xizmatchi yigitning iltimosini hojasiga yetkazdi. Alouddin kirishga ruxsat berdi. Yigit sandiq koʻtargan xizmatchisi bilan Alouddinning huzuriga kirib, taʼzim bilan salom berdi. Alouddin yigitni izzat-ikrom bilan qabul qilib, nima ish bilan qadam ranjida qilganini soʻradi. Yigit taʼzim qilib:
— Men qaroqchi, oʻgʻrilardanman. Shu kasbimning yaramasligini bilib tavba qildim. Mana bu sandiq ichida ellik ming oltin bahosida boʻlgan narsalar bor, bularni sizga nazr etib keltirdim. Bularni olib, oʻz halol pulingizdan ming oltin bersangiz, uni dastmoya qilib ishlataman,— dedi va sandiqni ochib koʻrsatdi.
Sandiq ichi oltin idishlar, laʼl, yoqut, gavharlar bilan liq toʻla edi. Alouddin buni koʻrib hayratda qoldi. Darhol u yigitga ming oltin sanab berdi. yigit ming oltinni olgandap keyii Alouddin bilan xayrlashib, xizmatchisi bnlan birga chiqib ketdi.
Ertasi kun ertalab Alouddin gavharshunoslarni chaqirib, ularga sandiqdagi narsalarni koʻrsatdi.
Hamma oltin, gavhar idishlar, laʼl, yoqutlar oltin halli shisha ekanligi bilindi.
Alouddin qallobning ishidan juda ranjib xizmatchilariga uni topib keltirishni buyurdi. Xizmatchilar u yigitni surishtirdilar, izladilar, lekin hech yerdan darak topmadilar. Hatto Alouddindek kishi ham ehtiyotsizlik tufayli aldanib qoldi.
Bayt:
Ehtiyot boʻl har ishingga boʻlma qallob oʻrtogʻi,
Yoʻq esa, tushgay boshingga bir kuni qaygʻu togʻi.