Tafakkur vaqti: Tushdagi topshiriq

Alisher Navoiy ustozi Nuriddin Abdurahmon Jomiy haqida yozgan “Xamsatul mutahayyirin” asarida favqulotda bir voqeani esga olgan.

Jomiy xizmatidagi kishilardan biri — Xoja Dehdor tushida ul hazratni koʻrgan ekan. Tushida jomiy hazratlari unga yuzlanib aytibdilarki: “Qurʼon oʻqi!”
Shundan soʻng oradan yetti yo sakkiz yil oʻtib, Xoja Dehdor hazrat Navoiyning xizmatiga kirgach, bir asnoda oʻsha tushni Navoiyga soʻzlab bergan. Ustozi tushini karomat deb bilgan Navoiy uning Qurʼon tahsil qilib, yodlashiga, hofizi mujavvid boʻlishiga koʻmaklashgan.

Oradan yana bir necha yillar oʻtib, Navoiy Xoja Dehdorni bir xizmat bilan Astrobod viloyatiga yuboribdi. U xizmatni ado etib, Hirotga qaytgan kuni safar anjomini bir joyga qoʻyib, tezlik bilan mavlono Jomiyning uylariga shoshilibdi.

Bu paytda mavlono ogʻir holatda behush yotgan, uning ahvolini yengillatish maqsadida yonida tilovat qilishga biron qoriga ehtiyoj sezilayotgan ekan. Shunda Xoja Dehdor eshikdan kirib borib, ulugʻ ustozi bundan oʻttiz yilcha oldin bergan topshirigʻini bajarib, xastaning huzurida Qurʼon tilovat qilishga kirishibdi. Xatm oxiriga yetib qolganda xasta mavlono jon taslim qilibdi.

Hazrat Navoiy hayrat bilan yodga oladiki, ustozidan karomat voqe boʻlib, oʻttiz yilcha oldin tushida bergan topshirigʻi shu tarzda natija topgan.

Bu voqeada oʻttiz yil keyingi holat yuzasidan shogirdiga tushida topshiriq bergan mavlono Abdurahmon Jomiy, shu tushni esidan chiqarmay, taʼbiri Navoiydan soʻragan Xoja Dehdor hamda ustozining tush orqali bergan topshirigʻini bajarishga koʻmaklashgan Alisher Navoiyning tutgan yoʻli ham gʻoyat hayratlanarli.

…Koʻrinadiki, baʼzi insonlarning hatto tushdagi gaplari ham hikmatdan xoli emas. Bizning esa, uygʻoqlikdagi gapimiz ham xuddi tushdagidek.