Tafakkur vaqti: Adolatli mantiq

Kunlarning birida qanjiq sherga maqtanibdi shunday debdi:

— Bu g‘alati mantiqsizlikni qara! Sen butun boshli o‘rmonning podshohi, dongdor sher bo‘la turib, bor-yo‘g‘i bittagina bola tug‘asan. Men esa, bor-yo‘g‘i bir laychamanu ammo har gal kamida besh-oltita bolalayman.

Buni eshitgan sher istehzoli jilmayibdi:
— Bu yerda hech qanday mantiqsizlikni ko‘rmayapman. Sen bir varakayiga yigirmata tug‘sang ham faqat itvachchalar tug‘iladi, xolos. Men esa, birgina bo‘lsa ham sherni dunyoga keltiraman.

Hayotda itvachchalar ko‘p bo‘lishi bizni cho‘chitmasligi kerak. Ularning milliontasi ham birgina sher o‘rnini bosolmaydi.