Tafakkur vaqti: Bobur Mirzoning e’tirofi (kun adog‘idagi o‘ylar)

Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma» bevosita o‘zi guvohi bo‘lgan yoki eshitgan voqealardan bir qanchasini bayon qilgan. Shulardan birida chalg‘uchi Husayn Udiy haqida ma’lumot beradi.
«Yana Husayn Udiy edi. Udni yoqimli chalib, ma’nili qo‘shiqlar aytardi. Udning torlarini yakka qilib chalgan — shu».

Bu Husayn Udiy borasida aytilgan yuqori e’tirof. Shu bilan birga Bobur mashshoqqa faqat maqtov bilan kifoyalanib qolmay, o‘z o‘rnida uning boshqa xususiyatiga ham e’tibor qaratadi:

«Aybi bu ediki, ko‘p noz bilan chalardi», — deb yozadi Bobur. Bu da’vosi quruq bo‘lmasligi uchun Husayn Udiy bilan bog‘liq bir voqeani yodga oladi.
«Shayboniyxon (Husayn Udiyga) bir navbat soz chalishni buyuradi. Takalluf qilib ham yomon chaladi, ham o‘z sozini olib kelmay, yaramas soz keltiradi. Shayboniyxon buni fahmlaydi. Ziyofat paytidayoq, bo‘yniga boplab musht tushirishlarini buyuradi».

Tarixdan ma’lumki, Shayboniyxon Boburning asosiy muxoliflaridan biri bo‘lgan. Bobur u bilan murosaga kelmagan va uning biron ishini e’tirof etmagan. Ammo bu o‘rinda u voqeaga xolis nazar bilan qarab, adolat yuzasidan o‘z dushmanining to‘g‘ri ishini yoqlash yo‘lidan boradi.
«Shayboniyxonning olamda qilgan bir yaxshi ishi bo‘lsa — shudir, — deb yozadi Bobur. — Zotan juda to‘g‘ri ish qilgan. Bunaqa nozik erkaknusxalarga bundan qattiqroq jazo kerak».

Bu voqeani o‘qib, xayolga ayrim shu kabi nusxalar keladi. Erkak bo‘lib tug‘ilgan bo‘lsa-da, ayol qilig‘ini qilib yurganlardan tortib, turli yo‘llar bilan o‘zini xotinga aylantirayotgan va buni shaxs erkinligi, demokratiya, qonun bilan himoyalanishi zarur bo‘lgan faoliyat deb jar solayotgan «nozik erkaknusxalar»ga nisbatan munosib javob bera oladiganlar juda kerakligini his qilasiz.

Biz 14 fevralni shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud kuni sifatida bilamiz.
Bu kun o‘z shahvoniy hirsiga yetishish yo‘lida umuminsoniy tamoyillarni oyoq osti qilgan ayrim kimsalar targ‘ib qilgani kabi boshqa biron «bayram» emas. Zotan, bizning buyuk ajdodlarimiz insondagi har bir fazilatni qadrlashgan, e’tirof etishgan. Shu fazilatlar mudofaasi uchun hatto o‘z muxolifi bilan ham yakdil bo‘lishgan.

Umid shuki, axloqsizlikni sharaf deb biladigan kimsalarga munosib javob qaytara oladiganlar faqat tariximizdagina qolib ketmagan.