Bir yulduzshunos olim har kuni kechqurun uyidan chiqib, osmondagi yulduzlarni kuzatardi.
Mana, bir kuni u shunday sayrga chiqib, butun xayoli osmondagi yulduzlar bilan band bo‘lgan holda yo‘l yoqalab ketaverdi va bexosdan bir quduqqa tushib ketdi. Shu zahoti u uvvos solib, odamlarni yordamga chaqira boshladi.
Bu yerdan o‘tib ketayotgan bir kishi olimning dod-voyini eshitib, quduq boshiga keldi va ne hol yuz berganini bilib unga dedi:
— Seni qara-yu! Osmonda nimalar bo‘layotganini bilmoqchi bo‘lasanu, yerda, oyog‘ing ostida nimalar borligini ko‘rmaysan.
Bu masalni hamma osongina bajara oladigan eng oddiy ishni ham uddalay olmaydigan, lekin olamshumul moʻjizalar haqida bilag‘onlik qilib, katta nutqlar so‘zlaydigan odamlarga nisbatan qo‘llasa bo‘ladi.
Manba: Ezop masallari.
Tarjimon: Dilmurod Quronov