Tafakkur vaqti: Piyoz o‘g‘risi

Bir haftada uyga uchinchi bor olingan piyoz qopchasi bilan g‘oyib bo‘lganini ko‘rgan er-xotin yangisini olib, oshxonaga qo‘yishgach, bir joyga yashirinib, kuzata boshladi.

Birozdan so‘ng oshxonaga kichik qizlari Sahar kirib keldi. U piyoz qopchasini tezda qo‘liga olib, chopganicha tashqari chiqdi va uni eng yaqindagi ahlat qutisiga uloqtirdi.

Ota esa, darg‘azab holda qizini uyga kirgizib, nima sababdan piyozlarni nuqul ahlatga tashlab kelayotganini so‘radi. Qizcha otasi vajohatidan qo‘rqib, onasi quchog‘iga otildi. Ota har qancha harakat qilsa-da, qizidan biron javob ololmadi. So‘ngra ertaga kechqurungacha javob ololmasa, qizini bir yil davomida tengdoshlari bilan o‘ynashdan mahrum qilish bilan jazolashini aytdi.

Qizcha ertasi kun tashqariga chiqishdan oldin bir maktub yozib, uni otasining nazari tushadigan joyga qo‘ydi. Otaning dardi dunyosini ostin ustun qilgan, hech kutilmagan maktubda shunday yozilgan edi:

«Onamga qattiq muomalada bo‘lganingizda uning ko‘z yoshlarini oqizardingiz. Keyin onam ovqat tayyorlash uchun piyoz to‘g‘raganida ham ko‘z yosh to‘kardi.

Siz mening otamsiz, sizni tashlab kelolmayman. Onamni juda yaxshi ko‘raman. Yig‘lashiga chidab turolmayman. U sal bo‘lsa ham kamroq ko‘z yosh to‘ksin deb, qo‘limdan kelgan ishni qildim. Bor gap shu, otajon…»

Muallif: Suat O‘zge.

Tarjimon: Ziyouddin Kamol.