Bir kun pashsha Yaman o‘lkasining podshohi payg‘ambar Sulaymonning huzuriga keldi va unga arzini aytib yolvordi:
— Ey insu jinlar sultoni, ey butun mavjudotlarga, suvga, olovga, shamolga hukm eta oladigan Sulaymon… Sening adolating dunyoga yoyilgan. Qurt qumursqa, qushlar u baliqlar sening adolatingga yukinadilar. Bizga ham insof va marhamat dengizingdan ehsonlar ber, haq huquqlarimizni qo‘riqla. Judayam ahvolimiz tang, nabot’dan nasibimiz bor, na bir gulzorlarla rohatlana olamiz… Sen zaiflarga, nochorlarga yordam berasan. Bizni ham bu g‘amdan qutqar, deb yolvoribdi.
Hazrati Sulaymon barmog‘i ustiga qo‘ngan pashshaga:
— So‘yla, kimdan shikoyat qilarsan? Bizning zamonimizda zolim bormi, senga zulm qilsalar, sening haqqingni yesalar? — dedi.
Pashsha boshini eggancha javob berdi:
— Mening shikoyatim shamoldan. U bizga juda zulm qilmoqda. Uning dastidan huzur halovatimiz yo‘q… Qayerga bormaylik bizni somondek uchirib ketadi, dedi.
Hazrati Sulaymon:
— Ey go‘zal ovozli pashsha, Tangri menga: «Da’vogarlar hozir bo‘lmaguncha hech kimsaning shikoyatini tinglama», deya amr etdi. ikki davogar ham hozir bo‘lmaguncha kim haq, kim nohaq ekanini qayerdan bilaman. Hozircha ket, shikoyatingni qaytib ol, keyin kel, — dedi.
Shunda pashsha:
— So‘zingiz to‘g‘ri, ammo u ham sizning huzuringizda. Buyuring, u ham kelsin, — dedi.
Bunga javoban Hazrati Sulaymon shamolga murojaat qildi:
— Ey shahar yeli, pashsha sening zulmingdan shikoyat qilmoqda. Kel, shikoyatchining qarshisiga o‘tir va unga javob ber! — dedi.
Shamol bu amrga binoan yelib keldi. Lekin endi pashshani joyidan topib bo‘larmikin! Hazrati Sulaymon uning ortidan:
— Ey pashsha, qayerga? Ketma, joyingda tur, ikkingizni ham tinglab, so‘ngra hukm chiqarayin, — dedi.
Pashsha ham qochar, ham javob berardi:
— Podshohim, mening yo‘qligim, uning borligi. U kelgach, men qanday qilib bu yerda bo‘layin. Menga choh qazigan o‘sha shamoldir…
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan