Sulton Husayn Boyqaro qariyb qirq yil taxtda o‘tirgan. O‘zidan ancha ishlar qoldirgan. Ularning qanday ish ekaniga baho berish ancha murakkab.
Undan o‘n to‘rt o‘g‘il, o‘n bir qiz qolgan. O‘g‘illarining kattasi Badiuzzamon mirzo, keyin Shoh Gʻarib mirzo, Muzaffar mirzo, Abulmuhsin mirzo, Kepak mirzo (Muhammad Muhsin), Abuturob mirzo, Muhammad Husayn mirzo, Faridun Husayn mirzo, Haydar mirzo, Muhammad Ma’sum mirzo, Farrux Husayn mirzo, Ibrohim Husayn mirzo, Ibni Husayn mirzo, Muhammad Qosim mirzo.
O‘g‘illarning besh nafari otasi tirikligidayoq dunyodan o‘tgan.
Bu sulolaning tanazzuli borasida Zahiriddin Muhammad Bobur quyidagilarni yozgan:
«Buni qarangki, Sulton Husayn mirzodek ulug‘ podshohining bu o‘n to‘rt o‘g‘lidan uchtasi nikohdagi ayollaridan tug‘ilgan edi. Fisqu fujur o‘zida, o‘g‘illarida va el-ulusi orasida juda keng tarqalgandi. Ushbularning kasofatidan, shunday ulug‘ xonadondan yetti-sakkiz yilda bir Muhammad Zamon mirzodan o‘zga nom va nishon qolmadi…»
Husayn Boyqaroning zamondoshi va do‘sti Alisher Navoiy shunday maslakda bo‘lgan edi: «Bu gulshan ichra yo‘qdur baqo guliga sabot, Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik birla ot». Shu maslak asosida yashagan Navoiy garchi hayotida yolg‘iz o‘zi yashab o‘tgan bo‘lsa-da, ko‘p buyuk meros qoldira olganiga hech shubha yo‘q.
…Tiriklik sahnida insondan nima qolishini tafakkur qilish uchun shugina misol yetarli bo‘lsa kerak.