Tafakkur vaqti: Pochtangiz bo‘lsa edi…

U ishsiz yurgan kunlaridan birida “Maykrosoft” kompaniyasiga farrosh kerakligi haqida eshitib, darhol aytilgan manzilga yetib bordi. Topshirilgan yumushlarni chiroyli bajarib, sinovdan yaxshi o‘tdi. Bir muddatdan keyin u kadrlar bo‘limida o‘tirardi.

— Ishga qabul qilindingiz. Bizga internet manzilingizni qoldirsangiz, kerakli hujjatlar ro‘yxatini yuboramiz. Hujjatlar rasmiylashtirilgach, ishni qachondan boshlashingizni ham internet orqali ma’lum qilamiz.

Biroq uning kompyuteri ham, elektron manzili ham yo‘q ekanini eshitgach, afsuslar bildirib deyishdiki: “Shunday zamonda kishining internet manzili bo‘lmasligi mumkinmi? Internet manzili bo‘lmagan odamning o‘zi yo‘q, binobarin, o‘zi yo‘q bo‘lgan kishini qanday ishga olish mumkin?”

Bu so‘zlardan keyin umidsizlanib turib qoldi. Tashqariga chiqqach, nima qilishini bilmay magazinga kirdi va miyasiga kelgan fikrdan quvonib ketdi. Yonidagi bor pulini sanadi – o‘n kilo pomidor olsa bo‘ladi. Shunday qildi ham. Ustiga ozgina narx qo‘yib, uyma-uy yurib, bir pasda pomidorlarni sotib bo‘ldi. Shu kuni kechga borib puli olti barobarga ko‘paydi. Ishni shu tarzda davom ettirib, ozroq sarmoya yig‘di. Avval avtomashina oldi, keyin uni yuk mashinasi bilan almashtirdi. Shunday qilib, oz muddat ichida oziq-ovqat mahsulotlarini tashuvchi yuk mashinalari shirkati egasiga aylandi. Besh yildan keyin esa, u boshchiligidagi shirkat dunyo bo‘yicha dovruq qozondi.

Boyligi ortib borayotgan shunday kunlardan birida ko‘p mulohazalardan so‘ng oilasini, mol-mulkini sug‘urta qildirishga qaror qildi. Sug‘urta kompaniyasi vakili bilan shartnoma tuzarkan, sug‘urtachi natijalarni jo‘natish uchun internet manzilini so‘radi. U xuddi bir necha yillar avval kompaniya xodimiga bergan javobini takrorladi: “Mening internet manzilim yo‘q”.

— Bo‘lishi mumkin emas, — dedi sug‘urtachi. Keyin yana qo‘shib qo‘ydi: — Shunday badavlat, katta obro‘ egasi bo‘lgan sizdek odamning elektron manzili ham bo‘lsaydi…

— Unda “Maykrosoft” kompaniyasida farrosh bo‘lardim, — dedi u.